08:26 / 11.05.2021
18361
Isroil Falastinga havo zarbalarini berdi, 9 kishi halok bo‘ldi

Dushanba kuni tunda Isroil armiyasi Falastinning HAMAS guruhiga tegishli harbiy obektlarga zarba berdi. Oldinroq HAMAS Aqso masjidi oldidagi kuch ishlatishlar uchun Isroil tomonga raketa zarbalarini amalga oshirgandi. Isroilning zarbalari aynan shu harakatlar uchun javob bo‘lgani aytildi.

Isroil armiyasiga ko‘ra, havo zarbalari ikkita raketa bo‘linmalari, ikkita harbiy post, HAMASga tegishli tunnellar va unga bo‘ysunuvchi boshqa guruhlar obektlariga berilgan. Oldinroq G‘azo sektoridan Isroil tomonga 150 ta raketa uchirilgandi. Ulardan aksari ochiq joylarga tashlangan yoki havo hujumidan himoya texnikalari yordamida ushlab qolingan. Binyamin Netanyahu bu zarbalar javobsiz qolmasligini aytgandi va chindan javob o‘zini uzoq kuttirmadi.

HAMAS Isroil tomon zarbalar berganini tan oldi. Isroilning javob zarbalari oqibatida 9 nafar falastinlik, jumladan, 2 o‘smir halok bo‘lgan. Bu raketa zarbalari almashinuvi Aqso masjidi atrofidagi mojarolar sabab sodir bo‘ldi. Isroil politsiyasi ramazonda islom olami uchun muqaddas bo‘lgan Aqso masjidiga ibodat qilish uchun borgan musulmonlarga qarshi qurol ishlatgan. Bu oxirgi yillardagi eng keskin to‘qnashuv bo‘ldi. To‘qnashuvlar Isroil Quddusdan bir necha falastinlik oilani chiqarib yuborishni xohlayotgani sabab boshlangandi, keyin esa musulmonlarni Aqso masjidiga kiritishmagach, yana avj oldi.

Isroil politsiyasi masjid ichida va atrofida bo‘lgan musulmonlarga qarshi ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz ishlatdi. Isroilliklar dushanbani Iyerusalim kuni (Quddus) sifatida nishonlashi kutilgandi. 1967 yilgi olti kunlik urushdan keyin Isroil Quddusni o‘z nazoratiga olgach, shunday kun paydo bo‘lgan. Shu kuni yahudiylar Quddusning musulmonlar yashaydigan mahallalaridan to‘p-to‘p bo‘lib o‘tishadi va odatda urush chiqadi. Bu yil yahudiylar nishonlovchi bayram ramazon oyiga to‘g‘ri kelgani uchun Isroil politsiyasi Aqso masjidi oldidan marsh bo‘lib yurishni taqiqladi.

Xalqaro hamjamiyatda Isroil va Falastin o‘rtasidagi navbatdagi mojaroga munosabat bildirishdi. Rajab Erdo‘g‘an va Ramzan Qodirov kabi siyosatchilar Isroilni zo‘ravonlikda aybladi. BMT esa holatni xavfsizlik kengashida muhokama qilishini ma'lum qildi.

Mavzu
Isroil va Falastin mojarosi
Yaqin Sharq may oyi o‘rtalarida Falastin-Isroil mojarosining 2014 yildan keyingi eng avj pallasini boshdan kechirmoqda.
Barchasi
Top