18:00 / 11.05.2021
32625
«Qayerdanligimni aytganimda taksidan tushirib yuborishgan» – Toshkentda o‘qiyotgan afg‘onistonlik talaba

Afg‘oniston – bizga qo‘shni va qardosh, shuningdek, doim dunyoning diqqat markazida bo‘lib kelgan davlat. Bugungi mehmonimiz ana shu davlat vakili Naqibullo Usmoniy bo‘ldi. Naqibullo Afg‘oniston Respublikasi Faryob viloyati Maymana shahrida istiqomat qiladi. O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti magistranti. Naqibullo bir anjumanda «Afg‘onistonda 94 ta telekanal faoliyat yuritadi», degandi. Ana shu fakt ko‘pchilikni hayron qoldirdi va uni Kun.uz saytiga mehmonga chaqirdik.

– Biz Afg‘oniston deganda notinch davlatni tasavvur qilamiz. Lekin notinch davlatda 94 ta telekanal faoliyat yuritishi ajablanarli holat.

– Afg‘onistonda so‘z erkinligi yuqori darajada. Buni men o‘zimning kitobimda ham yozyapman. Bizda ommaviy axborot vositalari faol, 4-kuch desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Lekin bu sohaga to‘sqinlik qiluvchi bir qancha muammolar ham bor. Masalan, yaqin bir yil ichida 21 nafar jurnalist o‘ldirildi. 94 ta telekanal bor, 196 dan oshiqroq radio va 483 ta rasmiy gazeta hamda 30 dan ortiq alohida ommabop sayt bor. Teleradiokanallarning har qaysisida o‘z sayti faoliyat yuritadi. O‘zbek tilida xizmat qiladigan 6 ta telekanalimiz ham bor.

Afg‘oniston ommaviy axborot vositalarida ham insonlar fikrini ayta oladi, tanqid bo‘lsa, tanqid ham qila oladi. Erkinlik yaratilgan u yerda ham.

Iqtibos: Bundan 15–20 kun oldin Toshkentda bir kilo pomidor 22 ming so‘mga chiqdi. O‘sha paytda bizning Afg‘onistonda pomidorning narxi 7 ming so‘m edi.

– Yurtimizga kelganingizga 2,5 yil bo‘libdi. Kelgan vaqtingizdagi O‘zbekiston bilan hozirgi O‘zbekistonning farqi bormi?

– Kelganimga 2,5 yil bo‘lgan bo‘lsa, bu davr mobaynida O‘zbekistonda ko‘p o‘zgarishlar bo‘lgan. Yurtingiz bundan-da ko‘p o‘zgaradi hali. Masalan, qurilishlar bo‘lyapti, insonlarning yashash sharoitlari, yashash tarzlari o‘zgaryapti. Buning o‘ziga yarasha yaxshi tomonlari ham, yomon tomonlari ham bor, albatta. Yomon tomonlari – narx-navo qimmatlashyapti. Masalan, bundan 15–20 kun oldin bir kilo pomidor 22 ming so‘mga chiqdi. O‘sha paytda bizning Afg‘onistonda pomidor narxi 7 ming so‘m edi.

Kiyim-kechak, oziq-ovqat va ijara borasida ham shunday muammolarga duch keldik. Masalan, ijarada turaman, desangiz bu yerda bir oylik narx 300–400 dollar atrofida ekan. Afg‘onistonda esa 5-6 oyga 300 dollarga hamma sharoitlari mavjud turar joy topishingiz mumkin. Shuningdek, Toshkentda qurilish juda ko‘paygan. Avval bu yerlarda daraxtlar ko‘p juda, chiroyli edi. Men o‘zim birinchi marta kelganimda shahar chiroyini ko‘rib juda hayratlanganman. Insoniyat, ayniqsa o‘zbeklar, turkiylarning hayoti daraxt, suv va ekin bilan. Lekin daraxtlar kamayib ketmoqda, har kuni qurilish va boshqa sabablar bilan o‘rtacha 20 ta daraxtni kesishadi. Aytmoqchimanki, Toshkent «yashil shahar» maqomini yo‘qotmoqda. Bu ketishda Toshkent ham Dubay singari issiq shaharga aylanib qolishi mumkin.

– O‘zingiz istiqomat qiladigan ona shahringiz haqida ham gapirib o‘tsangiz, hayot qanday u yerlarda?

– Men Maymana shahrida yashayman. Otam shariat bo‘yicha, islomiy ilmlar bo‘yicha o‘qituvchi. Ayolim ham Maymana shahri davlat universitetida ingliz tili va adabiyoti o‘qituvchisi bo‘lib ishlaydi. Bir o‘g‘lim bor, ismi Shohijahon. Bizda asosiy muammo notinchlik. Notinchlik bo‘lsa, hamma narsa yo‘qotiladi. Hattoki insonlarning ishonch va e'tiqodi ham.

Ishsizlik darajasi yuqori. Tumanlar notinch. Tumanlarda «Tolibon» guruhi yashaydi. Men o‘zim Faryobdan Mozori Sharifga kelgunimcha 9 ta joyda «Tolibon» guruhi to‘xtatib so‘roqqa tutadi. Fuqarolik so‘rashadi – tazkira deymiz biz, kimsan, nima ish qilasan, deb so‘rashadi, davlat odami bo‘lsa, tushirib olishadi-da, keyin nima qilishlari o‘zlariga ayon. Mabodo armiya yoki davlat xizmatchisi bo‘lib qolsa, u bilan boshqacha muomala qilishadi.

– Ta'lim tizimi, xususan, oliy ta'lim tizimi qanday?

– Ta'lim tizimi yaxshi. Agar tinchlik bo‘lsa, bundan-da yaxshi bo‘lishi mumkin edi. 300 ga yaqin davlat va xususiy universitetlarimiz mavjud. Misol uchun, mana, Mozori Sharif Termizga qo‘shni. Mozori Sharifning o‘zida 18–20 ta xususiy universitet bor. Savol tug‘ilishi mumkin, Afg‘onistonda shuncha universitet bo‘la turib, nega aynan O‘zbekistonga kelib o‘qiyapman. Buning birinchi sababi, mening o‘zbek millatiga mansubligim, men ham ota-bobolarimiz tomonidan o‘zbekman. Shuningdek, Navoiy, Bobur kabi bobolarimiz bir bizning va yana bir sababi – o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi, sadoqati.

– Naqibullo, Afg‘onistonda O‘zbekiston haqida bilishadimi, yurtimiz haqida qanday fikrdalar?

– O‘zbekiston haqida afg‘onistonliklar ijtimoiy tarmoqlar orqali ham yaxshi tanish. Ayniqsa, o‘zbek madaniyati, san'atini ular juda hurmat qilishadi. O‘zim ham Facebook orqali O‘zbekistonning rasmlarini ko‘p joylashtiraman. O‘zbekiston haqida ijobiy fikrda afg‘on xalqi. Chunki samimiy, sodiq va ayon bir xalq o‘zbek xalqi.

– O‘zbekistonda oxirgi yillarda turizm rivojlanyapti. O‘zbekistonning o‘z an'anaviy turizm shaharlari bor: Samarqand, Buxoro, Xiva kabi. Men Afg‘onistonga bormoqchi bo‘lsam, siz davlatingizning qaysi shaharlarini tavsiya qilgan bo‘lardingiz?

– Afg‘oniston ham O‘zbekistonga o‘xshash chiroyli bir hudud. Diqqatga sazovor joylari juda ko‘p. Ayniqsa, men sizga tavsiya qilar edim – Hirotga, Navoiy bobomizning shahriga borishni. Kobul shahri bor, u yerda Bobur bog‘i bor. Shuningdek, Mozori Sharifda ham temuriylarga mansub katta-katta binolar bor. Va shunga o‘xshash joylar juda ko‘p Afg‘onistonda ham.

Iqtibos: Afg‘oniston ko‘pchilik o‘ylaganidek ko‘k o‘t singari hammayoqni nasha maydonlari qoplab olgan davlat emas. Giyohvand moddalar Amerikada ham, Angliyada ham bor. Dunyo jinoiy iqtisodiyotini rivojlantirib turgan narsa qurol va giyohvand modda savdosi.

– Afg‘oniston deganda ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida narkotik moddalar va doimiy jang bo‘lib turadigan hudud gavdalanadi. Dunyo bo‘yicha shakllanib qolgan bir fikr to‘g‘risida so‘rashga majburman. O‘zingiz ham ko‘zingiz bilan ko‘rganmisiz yoki sizning hududingizda ham o‘sha narkotik modda yetishtiriladimi?

– Bu savolingizdan keyin bir voqea yodimga tushdi. Toshkentga endi kelgan paytlarim metroda ketayotsam, bir o‘zbek yigit so‘rayapti: aka, qayerdansiz, turkmisiz, eronlikmisiz, dedi. Yo‘q, afg‘onman, desam, avtomat bormi, narkotik bormi, deb savol beryapti. Bu men uchun haqoratligini bildirdim.

Aytishim mumkinki, narkotik moddalar Amerikada ham, Angliyada ham bor. Dunyo jinoiy iqtisodiyotini rivojlantirib turgan narsa qurol va narkotik modda savdosi. 15 yil oldin o‘z ko‘zim bilan bir marta ko‘rgan edim. Ammo so‘nggi yillarda qoradori maydonlari kamayib ketdi, hatto jurnalist sifatida bir lavha tayyorlash jarayonida men o‘sha narkotik moddalarni topolmaganman. Albatta, uzoq hududlarda bor, lekin Afg‘oniston ko‘pchilik o‘ylaganidek, ko‘k o‘t singari hammayoqni nasha maydonlari qoplab olgan davlat emas.

Ikkinchi holatda do‘stim bilan taksi tutdik. Haydovchi ayol kishi ekan. Orqada do‘stim bilan afg‘oncha gaplashib ketayotsak: «Sizlar qayerdan kelgansizlar, millatingiz nima?» deb so‘radi. Aytdik. Ayol mashinani shartta to‘xtatib, tushishimizni talab qildi. «Sizlar yomon odamsizlar!» dedi. Tushuntirishlarimiz foyda bermadi.

Afsuski, vatanim haqida ana shunday tushuncha shakllanib qolgan...

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Top