19:35 / 11.05.2021
2329
Yaxshi ilmiy natijalar chop etilmaydi – mahalliy jurnallarni xalqaro darajaga ko‘tarish bo‘yicha anjuman bo‘lib o‘tdi

11 may kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi ilmiy-texnik axborot markazi tomonidan O‘zbekistondagi ilmiy jurnallarning xalqaro ma'lumotlar bazalariga kiritilishi yuzasidan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Davra suhbati 2020 yil 29 oktyabrda qabul qilingan «Ilm-fanni 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PF-6097-sonli prezident farmoniga binoan, mahalliy jurnallarni Scopus, Web of Science yoki boshqa umume'tirof etilgan ma'lumotlar bazalariga kiritishga qo‘maklashish maqsadida ilmiy-texnik axborot markazi tomonidan xalqaro ekspertlar ishtirokida o‘tkazildi. 

Hozirgi vaqtda xalqaro ma'lumotlar bazalarida ilmiy noshirlik ishlarining ko‘payishi jahon bozorida jadal rivojlanayotgan raqobatni keltirib chiqarmoqda. Ilmiy davriy nashrlarning sifatini yaxshilash mamlakatda ilmiy jamoatchilik samaradorligini oshirishning dolzarb vazifalaridan biri sanaladi.

Yurtimizda yo‘nalishlar bo‘yicha 200 ga yaqin ilmiy jurnal o‘z faoliyatini olib boradi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilmiy-texnik axborot markaziga 2021-2023 yillarda mahalliy olimlarning ilmiy natijalarini xalqaro ilmiy ma'lumotlar bazalariga kiritish vazifasi yuklatilgan.

Tadbir davomida xalqaro nashriyotlar vakillari ishtirokchilarga ilmiy jurnallarni yetakchi ma'lumotlar bazasiga indeksatsiya qilish va kriteriyalar bo‘yicha ma'lumotlar berdi.

O‘zFA Matematika instituti direktor o‘rinbosari G‘olibjon Botirov ilk bora o‘tkazilayotgan bu kabi davra suhbati ahamiyati to‘g‘risida fikr bildirdi.

«Bugungi anjuman maqsadi jurnallarimiz sifatini yaxshilash va xalqaro talablarga javob beradigan formatda tayyorlashga ko‘maklashish hisoblanadi. Ishtirokchilar orasida to‘rt nafar xorijiy ekspert ham bor, ular o‘z tavsiyalarini berishmoqda. E'tibor qaratgan asosiy jihatlardan biri O‘zbekistondagi jurnallarning kuzatuvchilari soni kamligi. Hozirgacha ba'zi bir jurnallarning veb-saytlari deyarli ishlamaydi, hatto. Chiqayotgan maqolalar saytga qo‘yib borilishi, jurnal tahririyati a'zolarining mualliflarga bo‘lgan munosabati ham yaxshi emas.

Shuningdek, yaxshi ilmiy natijalar chop etilmayotgani, tahrir hay'ati faqat mahalliy olimlardan iboratligi kamchilik sifatida qayd etib o‘tildi.

FA Matematika institutining jurnallaridan biri to‘liq ingliz tilida chiqadi, bu jurnal 1957 yildan ilmiy maqolalarni nashr etib keladi. 2007 yildan boshlab esa ingliz tilidagi maqolalar chop etila boshlagan bo‘lsa, 2018 yildan to‘liq ingliz tilida yuritilmokda, AQSh matematiklar jamiyati bazasida ro‘yxatdan o‘tgan, endigi vazifa Scopus va boshqa bazalarga kiritish», dedi G‘olibjon Botirov.

Top