20:48 / 13.05.2021
41703
«Tashqariga chiqsam qaytish-qaytmasligim noma'lum». Falastinliklar «bombalar yomg‘iri» ostida qanday yashamoqda?

«Oilamiz uchun yetarlicha oziq-ovqat va suv borligiga ishonch hosil qilgach, uyimizning eng xavfsiz burchagiga bekinib oldik va esda qolgan shirin xotiralar haqida suhbat qura boshladik. Chunki hamma narsadan ko‘ra kulishga ehtiyojimiz bor».

«Odatda, G‘azoda har kuni bizni dovulchilar saharlikka uyg‘otishardi, lekin biz baraban sadolarini kutib turgan bir paytimiz yaqinimizga tushgan bombaning gumburlagan ovozini eshitdik».

Yuqoridagi fikrlar uch kun davomida Isroil bombardimoniga uchragan g‘azoliklarning ayrim fikrlaridan namunalar, xolos…

Dushanba oqshomidan beri Isroil havo hujumiga nishon bo‘lib kelayotgan G‘azo sektori dunyoning aholi eng zich joylashgan mintaqalaridan biri hisoblanadi.

365 kvadrat kilometrlik maydonda 2 milliondan ortiq falastinliklar yashaydi. Boshqacha aytganda, har kvadrat kilometrga taxminan 5 ming 500 kishi to‘g‘ri keladi.

Aholi o‘ta zich bo‘lgan bunday hududga tushayotgan bomba yoki raketalar nafaqat mo‘ljalga olingan nishonga, balki uning atrofida yashaydigan ko‘plab odamlar hayotiga ta'sir qilishi aniq.

Isroil buni yaxshi biladi. Bu esa G‘azo aholisining aksariyatiga yaxshi ma'lum. Ularning fikricha, keyingi paytlarda muayyan obektni emas, aynan tinch aholini yo‘q qilish maqsadida bombardimonlar uyushtirilmoqda.

«Bir daqiqa jimlik hukm suradi, so‘ng yana bomba sadolari eshitiladi»

Dushanba kunidan buyon hujumlarning asosiy nishoniga aylangan Beyt-Xanun hududi G‘azo sektorining shimoli-sharqida – Isroil chegarasi yaqinida joylashgan. Har lahza o‘lim tahlikasi ostida yashayotgan Umar Alrabi ham Beyt-Xanundan 7 kilometr uzoqlikda joylashgan G‘azo shahridan.

Aytishicha, u bombardimonning ilk tovushlarini do‘stlari bilan iftorga yig‘ilganda eshitgan: «Iftor dushanba kuni soat 19:28da edi. Iftorlik qilmoqchi bo‘lgan joyimizga ketayotib, ya'ni soat 18:00 atrofida dastlabki bombaning ovozi qulog‘imizga chalindi. Bu holat takrorlanmasa kerak, deb o‘ylagan edik, ammo bombardimon to‘xtamadi. Shu asno qimir etmay yangiliklarni kuzatishni boshladik.

Keyin yo‘ldan o‘tib ketayotganlar bizni ogohlantirishdi. «Hujum borgan sari kuchayyapti, ular ko‘chadagi tinch aholini o‘qqa tutishmoqda, uyingizga qayting», deyishdi. O‘sha payt iftorlik vaqti yaqinlashib qolgandi, biz og‘zimizni ochiboq uy-uyimizga tarqaldik».

G‘azodagi barcha derazalar yarim ochiq

24 yoshli Umar G‘azoda onasi, otasi va 27 yoshli opasi bilan yashaydi: «Biz uyda kutyapmiz. Tashqari xavfsizroqmikin, deb o‘yladik, keyin esa uy bexavotirroq degan qarorga kelib, hanuz kutishda davom etyapmiz. Derazalarni ochib qo‘yishga majburmiz, chunki bombardimon bosimi natijasida oynalar portlab ketadi. Lekin derazalarni lang holda ochib qo‘ymayapmiz – portlash sadolari juda ham kuchli… Bu – biz odatlanib qolgan holatlardan biri: har bir bombardimonda shunday qilamiz va butun oila o‘tirib, reja tuzamiz».

G‘azo shahridan 7 kilometr uzoqlikda – Isroil bilan chegarada yashovchi Hasan Kaber va uning oilasi bombardimon sadolarini eshitishi hamonoq qilgan ilk ishlari derazalarni ochish bo‘lganini aytdi: «Shu holat qachondir ro‘y berishini taxmin qilardim, lekin aynan qachonligini bilmasdim. Birinchi raketa zarbasi berilganini eshitganimda tashqarida edim. Oyog‘imni qo‘lga olib, uyga chopdim. Darhol barcha oynalarni ochdik. Keyin esa yetarlicha oziq-ovqat va suvimiz bor-yo‘qligini tekshirdik. Chunki bunday holatlar odatda kamida bir hafta davom etadi.

Butun boshli G‘azoda hech bir joy xavfsiz emas, degan qarorga kelib, uyimizning eng ishonchli bo‘lmasida o‘tirib kuta boshladik. Bunday vaziyatlarda farzandlarimni jasurlikka undash, ularga dalda va madad berish mening burchim».

«Uyning eng xavfsiz joyida o‘tirib, yaxshi xotiralarimizni esga olamiz»

Said Shuayb falastinlik qochqinlar yashaydigan Bureij lagerida rafiqasi, o‘g‘li, ota-onasi va aka-ukalari bilan jami 12 kishidan iborat oilada yashaydi.

Bureij lageri ham dushanba kunidan beri Isroil havo hujumlarining nishoniga aylandi.

Dushanba kuni kechqurun birinchi bomba portlaganini eshitgan payt uyda bo‘lgan 29 yoshli Shuayb darhol xotini va o‘g‘lini xavfsiz joyga olib borish fikriga tushadi. Biroq bir muncha vaqt o‘tgach, G‘azoda xavfsiz joyning o‘zi yo‘qligini anglab, uyda qolishga qaror qiladi.

Ular oilaviy holda bir joyda o‘tirib, iftor vaqti kelishini kutishadi.

Hasan Kaber va uning oilasi ham so‘nggi uch kun davomida uylarining eng xavfsiz joyida eski xotiralarni eslab, kulishishgan:

«Urush paytida kulgiga yanada ko‘proq ehtiyojimiz bor. Bunday paytlarda meni kuldira oladigan va menga dalda bera oladigan kimdir kerak. O‘zim ehtiyoj tuygan narsani oilamga berishga harakat qilaman. Masalan, ilk kechadan beri o‘tirgan xonamizda ikki o‘g‘lim va qizimga ularning bolaligidagi qiziq voqealarni aytib beryapman. Go‘zal xotiralar... Keyin esa o‘rnimizdan turib, ibodat qilishga tutinamiz. Charchagan bo‘lsak-da, uxlay olmayapmiz.

Ilk kecha saharlikdan keyin ikki soatgina uxlay oldik, xolos. Xotiralarni yodga olib, suhbatlashib turgan chog‘imizda tag‘in bomba ovozi eshitiladi. Keyin esa suvimiz tugab qolganini ko‘ramiz. Suv olib kelishimiz kerak. Men suv keltirish uchun tashqariga chiqaman, ammo ortga qaytib kelamanmi, yo‘qmi – bilmayman. Hayot esa davom etadi, chiqib kelishim kerak. Ba'zida o‘g‘lim qaysarlik qilib turib oladi va suv olish uchun tashqariga u chiqadi. Biroq uning ham ortga qaytish-qaytmasligi noma'lum. Hatto ertaga bozorda o‘zimizga kerakli narsalar yoki suvni topa olish-olmasligimizni ham bilmaymiz».

G‘azolik 58 yoshli Hasan Kaberning bolalari 20 yoshlar atrofida. Ular oldin ham ko‘p marta bombardimon ostida qolishgan, ammo Kaberning aytishicha, ular har safar avvalgi tajribani unutishadi, chunki unutish normal hayotga qaytishning eng yaxshi usulidir:

«Agar isroilliklar biror narsani, mintaqani yoki biron guruhni nishonga olishsa, uni yo‘q qilishadi. Shuning uchun Isroil havo hujumi boshlangan zahoti hamma narsa tersiga do‘nadi va vaziyat judayam xavfli tus oladi. Xavfsizlik degan hisni, kim bilandir tuzgan rejalaringizni, yaqinlaringiz bilan aloqani, oziq-ovqat do‘koniga borish erkinligingizni birdan yo‘qotib qo‘yasiz.

Bir tomondan, men hali ishlashim, oilamga g‘amxo‘rlik qilishim kerak. Shu bois suvimiz va eng oddiy ehtiyoj mollarimiz yetarli ekanligiga ishonch hosil qilishim lozim. Albatta, bu kundalik hayot oqimidagi juda oddiy va normal narsalar, ammo bombardimon payti juda ham qiyin bo‘ladi. O‘ylagan yagona fikrimiz bu ishlarning barchasini bajarish va omon qolish xayolidir. 

O‘ynayotgan bolalar umriga zomin bo‘lgan bombalar 

Shuaybning aytishicha, bomba ovozi har yangraganda u yana dahshatga tushadi va xavfsiz joy topish haqida o‘ylaydi. Ammo har safar umidsizlikka tushib, o‘z uyida qoladi: «Biz hamon jon talvasasida yashayapmiz. Bir daqiqadan so‘ng nima bo‘lishini bilmaymiz, bir daqiqadan keyin uyim o‘qqa tutiladimi, omon qolamanmi, bilmayman.

Hozirgi vaziyat bizni aql bovar qilmas darajadagi bosimga duchor qilmoqda. Eng yomon ehtimol miyamni tinimsiz parmalamoqda. Oilam-ku yonimda, ammo do‘stlarim va qarindoshlarimning ahvoli qandayligini bilmayman. Agar binomiz o‘qqa tutiladigan bo‘lsa, qayerdan chiqishimiz, qaysi tarafga chopishimiz kerak? Bu masalada tajribamiz bor, shunday bo‘lsa-da, yana har bir ehtimolni ko‘zdan kechirib chiqyapmiz.

Ilgari ham Isroilning ko‘plab hujumlari sodir bo‘lgan, men uchun ularning eng yomoni 2012 yildagisi edi. Chunki G‘azoda emasdim. Ta'lim olish uchun bir muddat chet elga chiqqandim. Men oilamdan shu qadar qattiq xavotir oldimki... Endi birga ekanimizga shukr qilyapman».

Beyt-Xunundan bo‘lgan al Masri oilasi esa besh nafar farzandidan judo bo‘lganini ma'lum qildi.

Oila a'zolari dalada ishlayotganda aka-uka va amakivachchalar o‘ynayotgan hududga tushgan raketa 2 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan besh nafar bola va ularning 20 yoshli amakivachchalarining umriga zomin bo‘lgan. 

«Bomba tushayotganda o‘ylashga vaqt bo‘lmaydi»

G‘azoliklarning aksariyati 2009, 2012 va 2014 yillarda sodir bo‘lgan eng yirik Isroil bombardimonlariga guvoh bo‘lgan.

Ba'zi g‘azoliklar bombardimon yaqinlashayotganini sezganlarida qayerga qochish mumkinligini rejalashtirishadi.

Biroq Said Shuayb ushbu rejalarni amalda qo‘llash mumkinligiga ishonmaydi:

«Bomba tushayotganda o‘ylashga vaqt topolmaysiz. Istaganingizcha reja tuzing, shunchaki bolalaringizni pana qilib, ularni yo‘naltira olasiz, xolos».

Bu safar g‘azoliklarni qattiq tashvishga soluvchi yana bir voqea sodir bo‘ldi.

Ba'zi g‘azoliklarning aytishicha, 2014 yildan buyon Isroil «dron raketalari» deb nomlangan juda kichik ko‘lamda zarar beruvchi raketalarni uchirib kelgan, shu bois bomba tushgan joylarga yanada kuchliroq zarbalar berilishini taxmin qilib, bunga hozirlik ko‘rish mumkin edi:

«2014 yildagi katta operatsiyadan beri hozirga qadar muayyan binoga avvaliga kichik, samarasiz raketa zarbalari berilardi. Bu zarbalar binoga minimal zarar yetkazar, bino ichidagilar esa tezda tashqariga chiqib olardi. Ammo endi o‘shandan beri birinchi marta bunday qilishmadi va to‘g‘ridan to‘g‘ri bombardimon uyushtirishdi. Qochish uchun hech kimda fursat bo‘lmadi. Bu holat juda ham xavfli, chunki uxlab yotganimizda, ko‘chada yurganimizda yoki uyda o‘tirganimizda bir necha soniya ichida nishonga aylanishimiz mumkin. To‘g‘risini aytganda, hech kim bu bombardimonlarning yaqin orada tamoman tugashiga ishonmaydi».

«Karnay ovozini kutib, yangiliklarni kuzatib boramiz»

Avvallari kabi oldin ogohlantiruvchi o‘qlarning otilmayotgani g‘azoliklarni ayniqsa toza suv kerak bo‘lib turgan damlarda yanada ko‘proq qo‘rqitadi.

G‘azodagi deyarli barcha aholi toza suv muammosidan aziyat chekadi. Toza suv mashinalarda bidonlab tarqatiladi. Falastinliklar suv olish uchun navbatda turishga majbur. Elektr energiyasidan ham kuniga 8 soat foydalanish mumkin. Umarning aytishicha, Ramazon oyi munosabati bilan bu muddat biroz uzaytirilgan:

«Suv masalasi davom etib kelayotgan inqirozdir. Avtomobillar kelib, karnay chaladi, biz esa bidonlarimizni olib, pastga tushamiz. Suhbatlashib, navbatimiz kelishini kutamiz. Ammo ikki kundan beri besh daqiqa ichida suvni olib, chopib uyga qaytishga harakat qilyapmiz. Chunki ko‘chada istalgan daqiqada o‘qqa tutilishimiz mumkin. Ammo nima qilaylik, suv ham tirik qolishishimiz uchun zarur».

Elektr energiyasi ham har oqshom soat 22:00da keladi va sahargacha bo‘ladi. Seshanba kuni kechqurun dvigatelning yaqinidagi hudud bombardimon qilingani uchun elektr kech keldi. Ammo biz bunga odatlanib qolganmiz, chunki elektr qachon kelishi har doim ham aniq emas. Bundan tashqari, har daqiqa yangiliklar va kimning nima deganiga oid xabarlarga ko‘z yugurtirib turamiz». 

Mavzu
Isroil va Falastin mojarosi
Yaqin Sharq may oyi o‘rtalarida Falastin-Isroil mojarosining 2014 yildan keyingi eng avj pallasini boshdan kechirmoqda.
Barchasi
Top