21:00 / 17.05.2021
8929
Putin Tojikiston bilan havo hujumidan mudofaa tizimini yaratish bo‘yicha bitim imzolashga ko‘rsatma berdi

Shartnomada ikkala mamlakatning mintaqadagi havo hujumidan mudofaa kuchlarining birgalikdagi harakatlarini muvofiqlashtirish ko‘zda tutilgan. Umumiy rahbarlik Rossiya markaziy harbiy okrugi kuchlari qo‘mondoni tomonidan amalga oshiriladi.

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Tojikiston bilan birgalikda mintaqaviy havo hujumidan mudofaa yagona tizimi tashkil etilishini ma'qulladi.

Bu boradagi tegishli farmoyish huquqiy ma'lumotlar rasmiy internet-portalida e'lon qilindi.

Shuningdek, Putin mudofaa vazirligi va tashqi ishlar vazirligiga Tojikiston tomoni bilan shartnoma tuzish bo‘yicha muzokaralarni boshlash topshirig‘ini berdi.

Hukumat kelishuv loyihasini 12 may kuni e'lon qilgandi. Hujjat mudofaa vazirligi tomonidan tayyorlangan. Shartnomada ikkala mamlakatning mintaqadagi havo hujumidan mudofaa kuchlarining birgalikdagi harakatlarini muvofiqlashtirish ko‘zda tutilgan. Umumiy rahbarlik Rossiya markaziy harbiy okrugi kuchlari qo‘mondoni tomonidan amalga oshiriladi.

Shartnomani tomonlardan birining qaroriga ko‘ra bekor qilish huquqi bilan noma'lum muddatga tuzish taklif etiladi.

8 may kuni Putin Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida tomonlar mintaqaviy xavfsizlik masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Rossiya prezidenti Afg‘onistondagi voqealardan xavotir bildirdi va Tojikiston ushbu mamlakat bilan eng uzun chegaraga ega ekanligini qayd etdi.

O‘z navbatida, Rahmon AQSh Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishini e'lon qilganidan keyin Afg‘onistondagi vaziyat keskinlashganiga ishora qildi.

 

Top