12:59 / 18.05.2021
2041
«Xorazm» sport majmuasi sentabr oyida ochilishi mumkin

Urganch shahridagi «Xorazm» sport majmuasi (sobiq «Olimpiya» stadioni) sentabr oyida yana futbol o‘yinlarini qabul qilishi mumkin. Maydon chimini parvarishlash bo‘yicha agrotexnika tadbirlari boshlab yuborilgan.

«Xorazm» sport majmuasi 2015 yilda «Umid nihollari» musobaqalariga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida ta'mirlashga yopilgan edi. Biroq, rejadagi ishlar yakuniga yetkazilmadi, ta'mirlash uchun ajratilgan mablag‘lar talon-toroj qilindi, bunga yo‘l qo‘ygan amaldorlar jazolandi.

Ammo, xorazmlik futbolchilar va muxlislar ajoyib stadiondan mahrum bo‘lishdi.

«Xorazm» futbol klubi bu vaqt mobaynida viloyatning boshqa stadionlarida o‘ynadi. Hozirgi vaqtda jamoa sun'iy maydonga ega «Yoshlik» o‘yingohida futbol o‘yinlarini o‘tkazmoqda. Ushbu o‘yingohning sig‘imi juda kichik bo‘lib, atigi 950 tomoshabinni sig‘dira oladi. Bu esa Pro-liga bahslari uchun kam. «Xorazm» klubining har bir o‘yiniga kamida 2-3 ming tomoshabin yig‘ilmoqda, biroq, ularning bir qismi maydon atrofida tik turgan holda futbol tomosha qilishga majbur bo‘lmoqda. Boshqalari joy topolmay, qaytib ketishmoqda.

«Xorazm» sport majmuasi faoliyatini tiklashga bir necha yillardan buyon harakat qilinyapti, ammo samarasiz. «Xorazm» futbol klubi bergan yangi ma'lumotga ko‘ra, stadion 2021 yil sentabr oyida qayta ochilishi mumkin.

«2019 yil iyun oyida «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ homiyligida Toshkentning «Rita invest» firmasi bilan Janubiy Koreyaning «Kentucky Blugrass» navli chimini ekish bo‘yicha shartnoma tuzilgan bo‘lib, 2021 yil may oyida maydon chimi to‘liq tayyor bo‘lishi lozim edi.

Biroq ushbu muddatga kelib, maydon chimining 60 foiz qismi qoniqarli va 40 foiz qismi talab darajasida emas edi. Shu sababli, talab darajasida bo‘lmagan chimni olib tashlab, Toshkent viloyatida yetishtirilgan maxsus chim olib kelib o‘rnatildi. Ushbu jarayonlarga mas'ul bo‘lgan xodimning aytishicha, o‘rnatilgan chimning to‘liq rivojlanib ketishi uchun 1-2 oy vaqt talab qilinadi.

Agar agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida bajariladigan bo‘lsa, «Xorazm» futbol klubi 2021 yil sentabr oyidan boshlab, o‘yinlarni viloyatning bosh arenasida o‘tkazishi mumkin», - deyiladi xabarda.

Mavzuga oid
Top