08:48 / 19.05.2021
2659

Toshkentda ikki nafar talaba 60 ming dollarlik avtomobil ehtiyot qismlarini o‘g‘irlab ketdi

Foto: Tergov departamenti

Toshkent shahar Yunusobod tumanida ikki nafar talaba o‘zganing xonadoniga kirib, o‘g‘rilik jinoyati sodir etgan. Bu haqda Tergov departamenti xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, joriy yilning 15 may kuni X. D. «102» qisqa raqamiga bergan xabariga ko‘ra, 2020 yilning taxminan may oyidan 2021 yilning 15 may kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida noma'lum shaxslar Yunusobod tumani Yangiariq mahallasida joylashgan xonadon qarovsiz qoldirilganidan foydalanib, kalit tanlash yo‘li bilan g‘ayriqonuniy ravishda kirib, umumiy narxi 60 ming AQSh dollari bo‘lgan, Koreya davlatida ishlab chiqarilgan «Chevrolet» rusumli avtomashinalarning turli xildagi ehtiyot qismlarini o‘g‘irlab ketganini ma'lum qilgan.

Tezkor qidiruv harakatlari jarayonida ushbu jinoyatni Yunusobod tumanida yashovchi talabalar — 19 yoshli A.Z. va 18 yoshli X.A. sodir etgani aniqlanib, ulardan bir nechta turdagi avtomashina ehtiyot qismlari ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi «a» bandi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, A.Z. va X.A. protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Top