16:47 / 20.05.2021
13579
O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish nega kamaydi? O‘zavtosanoat izoh berdi

O‘zbekistonda yengil avtomobillarni ishlab chiqarish pasayishiga mikrochiplarni yetkazib berishdagi uzilishlar sabab bo‘lmoqda

Foto: Sputnik

Davlat statistika qo‘mitasi 2021 yilning o‘tgan 4 oyi mobaynida avtomobilsozlik sanoati tomonidan ishlab chiqarilgan yengil transport vositalari sonini e'lon qildi. Unga ko‘ra, shu yilning yanvar-aprel oylarida 18 223 dona Cobalt ishlab chiqarilgan va Uzauto tomonidan hisobot davrida eng ko‘p yetkazib berilgan avtomobil hisoblanadi.

Kun.uz muxbiri O‘zbekiston avtosanoatida avtomobil ishlab chiqarish nega kamaygani xususida O‘zavtosanoat Axborot xizmatiga savol bilan murojaat qildi.

Axborot xizmati rahbari Zumrad Shojalilovaning bildirishicha, bu masalaga 2021 yil mart oyi boshida tashkil etilgan press-tur doirasida birinchi choragida oydinlik kiritilgan va hamon dolzarb bo‘lib turibdi.

Unga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi jahon avtomobil sanoatining yarimo‘tkazgichli mahsulotga talabini qondirish borasida salbiy ta'sir ko‘rsatishi davom etmoqda.

Pandemiya davrida turli gadjetlar va elektron texnikaga bo‘lgan talabning o‘sganligi butun dunyoda yarim o‘tkazgichlar bo‘yicha sezilarli tanqislikni yuzaga keltirgan. Chiplar yetkazib berish va logistika zanjirlarining uzilishi oqibatida qator avtozavodlar yopilgan, boisi 2020 yil boshida mikroprotsessorlar xaridini maksimal darajada qisqartirgan.

Zamonaviy avtomobillarning aksariyatida o‘nlab mikrosxemalar ishlatiladi, ayrim holatlarda ular soni 150 tagacha boradi. Chiplar, amalda, davigatelning ishlash rejimidan to navigatsiya tizimlarigacha – barcha jihatlar uchun javob beradi. Afsuski, global muammo “Uzauto Motors” AJ kompaniyasiga ham, jumladan 2021 yil ikkinchi choragi uchun mo‘ljallangan ishlab chiqarish rejalariga ham ta'sir ko‘rsatmay qolmadi.

Qayd etilishicha, jahon avtomobilsozlik sanoatining yarim o‘tkazgichli butlovchi qismlarga talabi to‘laqonli qondirilishidagi muvaqqat cheklovlar hamon saqlanib qolmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, O‘zbekiston avtosanoati tomonidan yengil avtomobillar ishlab chiqarish soniga ham o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatmoqda. 

Top