03:07 / 20.05.2021
11995
Xotin-qizlar uchun «AZIZ-AYOL.UZ» yagona interaktiv milliy platforma ishlab chiqildi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga mazkur platformaning uzluksiz ishlashini ta'minlash va uni takomillashtirish maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarni jalb qilib borish vazifasi yuklatildi.

Foto: iStock

Bosh prokuratura, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan «AZIZ-AYOL.UZ» yagona interaktiv milliy platforma ishlab chiqildi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining «Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida aytilmoqda.

Hujjatda qayd etilishicha, platforma xotin-qizlarni turmushga tayyorlash, ularda farzand tarbiyasiga oid ko‘nikmalarni mukammal shakllantirish, ularni turli tazyiq, zo‘ravonlikdan himoya qilish, oilalarda suitsid va ajrimlarning oldini olish, xotin-qizlarning ma'naviyatini yuksaltirish, bandligini ta'minlash, ularni kasb-hunarga o‘rgatish, tadbirkorlikka jalb etish maqsadida ishlab chiqildi.

Qaror bilan, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga mazkur platformaning uzluksiz ishlashini ta'minlash va uni takomillashtirish maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarni jalb qilib borish vazifasi yuklatildi.

Hujjatga ko‘ra, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi:

  • a) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
  • tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, o‘z joniga suiqasd qilgan yoki o‘z joniga qasd qilishga moyilligi bo‘lgan xotin-qizlar bilan o‘zaro aloqani amalga oshirish va shoshilinch ruhiy, psixoterapevtik, huquqiy yordam ko‘rsatish, maslahat berish va axborot taqdim etish uchun mo‘ljallangan, 24 soat uzluksiz ishlaydigan «ishonch telefoni»ni (respublika doirasida yagona qisqa raqam) o‘rnatilgan tartibda yo‘lga qo‘yishi va uning faoliyatidan aholini ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib borishi;
  • «AZIZ-AYOL.UZ» yagona interaktiv milliy platformasiga «ishonch telefoni» raqamining kiritilishini va uning 24 soat uzluksiz ishlashini ta'minlashi;
  • b) Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga markazlar xodimlari hamda jabrlanganlarning xavfsizligini ta'minlash, markazlar binolarini qo‘riqlash choralarini ko‘rish to‘g‘risida asoslangan takliflar kiritishi belgilandi.
Top