Birinchi chorakda YaIM 3 foizga o‘sgani ma'lum qilindi
Davlat qarzi 2021 yilning 1 aprel holatiga 23,4 mlrd dollar yoki YaIMga nisbatan 40,5 foizni tashkil etdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida 2020 yildagi va 2021 yil birinchi choragidagi davlat budjeti ijrosi muhokama qilindi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, 2021 yilning yanvar-mart oylarida respublika iqtisodiyoti 2020 yilning mos davriga nisbatan 3 foizga o‘sgan bo‘lib, yalpi ichki mahsulot hajmi 128,6 trln so‘mni tashkil etdi.
Xususan, iqtisodiy o‘sish sanoatda 3,8 foizga, qurilishda 0,5 foizga, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida 3,1 foizga hamda xizmatlar ko‘rsatish sohasida 2,8 foizga o‘sishi ta'minlangan.
Inflatsiya darajasi yillik nisbatda 10,9 foizni, o‘tgan yilning yanvar-mart oyiga nisbatan esa 2,7 foizni tashkil etdi.
Hisobot davrida davlat budjeti daromadlari 33,9 trln so‘mni, xarajatlari 34,1 trln so‘mni, budjet defitsiti esa 188,2 mlrd so‘mni yoki YaIMga nisbatan 0,1 foizni tashkil etdi.
Iqtisodiyotni jonlantirish hamda iste'molni rag‘batlantirish maqsadida ijtimoiy xarajatlar 2021 yil 1-chorak yakuni bilan o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21 foizga oshirilib, 18,2 trln so‘mga to‘g‘ri keldi.
«Hozirda yuzaga kelgan pandemiya sharoitida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi va uning hududiy markazlariga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan tadbirlar uchun 2021 yilning 1-choragida jami 387,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. Shundan koronavirus tarqalishining oldini olishga qaratilgan tadbirlarga jalb etilgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologik va boshqa xodimlarning 46 765 nafariga 186,7 mlrd so‘m qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovlari to‘landi», – deyiladi xabarda.
Shu bilan birga, o‘tgan chorakda respublika davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari prognozi 8 trln 437 mlrd so‘m bo‘lib, prognoz ko‘rsatkichlari 8 trln 787 mlrd so‘m bilan bajarildi. Shundan davlat budjetidan ajratilgan transfertlar 2 trln 328 mlrd so‘mni tashkil etdi.
Keltirilishicha, hisobot davri uchun Davlat maqsadli jamg‘armalari xarajatlari 9 trln 489 mlrd 3 mln so‘m miqdorida rejalashtirilgan bo‘lib, 9 trln 192 mlrd 9 mln so‘m miqdorida yoki 97 foizga ijro etildi.
Shuningdek, davlat qarzi 2021 yilning 1 aprel holatiga 23,4 mlrd dollar yoki yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 40,5 foizni tashkil etdi. Jumladan, davlat ichki qarzi 2,2 mlrd dollar (YaIMga nisbatan 3,7 foiz), davlat tashqi qarzi esa 21,2 mlrd dollarga (YaIMga nisbatan 36,8 foiz) yetdi.
Rasmiy relizga ko‘ra, deputatlar o‘tgan davr ichida erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda budjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi borasida yo‘l qo‘yilayotgan xato va kamchiliklar oshib borayotgani va bu holat aholining e'tirozlariga sabab bo‘layotganini aytishgan.