13:07 / 26.05.2021
762
Elektr uzatish tarmog‘ida avariyali uzilish sababli charxpalak to‘xtab qolganligi ma'lum qilindi

Joriy yilning 25 may kuni O‘zbekiston tumani markazida joylashgan Alisher Navoiy istirohat bog‘ida elektr ta'minotidagi uzilish sababli attraksion charxpalak ichida odamlari bilan to‘xtab qolganligi haqida xabar berilgandi. 

"Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi" AJ mazkur holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi:

«O‘zbekiston tumani markazida joylashgan Alisher Navoiy istirohat bog‘i 110/35/10 kVli "Yaypan" nimstansiyasidan chiquvchi 10 kVli "Islom" elektr uzatish havo tarmog‘iga ulangan 272-sonli transformator punkti orqali elektr energiyasi bilan ta'minlanadi.

25 may kuni soat 14:40 da 10 kVli "Islom" elektr uzatish tarmog‘ida avariyali uzilish sodir bo‘lgan. Tezkor navbatchilik guruhi tomonidan yuzaga kelgan avariyali uzilishni zudlik bilan bartaraf etish choralari ko‘rilib, uzatmada yuzaga kelgan uzilish nuqtasi aniqlanib, tezkorlik bilan nosozlik bartaraf etilgan. Uzatmaga soat 15:41 da kuchlanish berilgan va soz holatda tarmoqqa ulangan.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan avariyali uzilish vaqtida O‘zbekiston tumani markazida joylashgan Alisher Navoiy istirohat bog‘idagi barcha elektr qurilmalar soz holatda bo‘lgan. Avariyali uzilish vaqtida keltirilgan noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz», – deyiladi rasmiy munosabatda.

Avvalroq, Oltiariq tibbiyot birlashmasida elektr taqchilligi kuzatilganligi, quyosh batareyalari ishdan chiqqanligi haqida xabar berilgan edi.

Top