18:00 / 27.05.2021
2957
2021 yilda iste'molchilarga qancha elektr energiyasi va gaz yetkazib berilishi ma'lum qilindi

Iste'molchilarga jami 30 milliard 800 million kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazib beriladi. Shuningdek, kelayotgan kuz-qish mavsumida iste'molchilar jami 28 milliard 842 million kub metr tabiiy gaz bilan ta'minlanadi.

Energetika vazirligi 27 may kuni bo‘lib o‘tgan hamda tizimda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligiga bag‘ishlangan jamoatchilik eshituvida 2021 yilda iste'molchilarga yetkazib beriladigan gaz, elektr energiyasi, ko‘mir miqdori haqida ma'lumot berdi. Vazirlik bu borada muhim raqamlarni ochiqladi.

Iste'molchilarga qancha elektr energiyasi yetkazib beriladi?

Yil yakuniga qadar iste'molchilarga elektr energetika sohasida generatsiya quvvatlari hajmi 14 ming megavattdan 15 ming 800 megavattgacha yetkaziladi yoki 1 ming 800 megavattga oshiriladi. 2016 yilga nisbatan esa 52 foizga ko‘p generatsiya quvvatlariga ega bo‘linadi.

Toshkent viloyatida quvvati 240 megavatt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi, Xorazm viloyatida 174 megavatt quvvatli gaz-porshenli elektr stansiyasi, Navoiy viloyatida 100 megavatt quvvatli quyosh elektr stansiyasi oktyabr oyida ishga tushiriladi (jami 514 megavatt).

Dekabr oyida Toshkent viloyatida umumiy quvvati 470 megavatt bo‘lgan 2 ta issiqlik elektr stansiyasi, Buxoroda 270 megavatt va Qashqadaryoda 220 megavattli rostlovchi stansiyalar hamda Samarqand viloyatida 100 megavatt quvvatli quyosh elektr stansiyasi foydalanishga topshiriladi (jami 1060 megavatt).

Yangi barpo etilgan quvvatlarda kuz-qish mavsumida 4 milliard 600 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi (yillik ishlab chiqarish quvvati 12 milliard kilovatt-soat).

Jami 26 ming kilometr past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va 9 mingdan ortiq transformator punktlari grafik asosida mukammal ta'mirlanadi.

Ma'lumot uchun, o‘tgan mavsumga nisbatan 3 ming kilometr tarmoqlar va 1268 ta transformator punktlari ko‘proq ta'mirlanadi.

Bundan tashqari, past va o‘rta kuchlanishli tarmoqlarni modernizatsiya qilish dasturi doirasida 15 ming kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 4 mingta transformator punktlari rekonstruksiya qilinadi va yangilanadi.

Ushbu chora-tadbirlarning amalga oshirilishi evaziga oktyabr-mart oylarida iste'molchilarga jami 30 milliard 800 million kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazib beriladi. Bu o‘tgan yilgi mavsumga nisbatan 2 milliard kilovatt-soatga yoki 7 foizga ko‘p elektr energiyasi yetkazib beriladi.

Aholi tabiiy gaz bilan qay tarzda ta'minlanadi: qancha miqdorda gaz, suyultirilgan gaz va ko‘mir yetkazib beriladi?

Respublika iste'molchilarini tabiiy gaz bilan ta'minlash maqsadida 70 kilometr gaz quvurlari mukammal ta'mirlanadi, 83 kilometri rekonstruksiya qilinadi. 5 mingdan ortiq gaz taqsimlash punktlari 1 oktyabrga qadar mukammal ta'mirlanadi.

Dengizko‘l konida yillik quvvati 3 milliard kub metr tabiiy gazni qazib olish imkonini beradigan kompressor stansiyasi noyabr oyida ishga tushiriladi.

Chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida, kelayotgan kuz-qish mavsumida iste'molchilarga jami 28 milliard 842 million kub metr tabiiy gaz yetkazib beriladi. Bu o‘tgan mavsumga nisbatan 1 milliard 185 million kub metrga ko‘p.

Tabiiy gaz yetkazib berishda hisob-kitoblar shaffofligini ta'minlash uchun joriy yil dekabr oyiga qadar 3 million 546 mingta ASKUG tizimiga mos keladigan gaz hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari yakunlanadi. Hozirda 1 million 172 mingtasi o‘rnatildi, shundan 1 million 142 mingtasi billing tizimiga ulandi.

2021 yilda aholi iste'molchilariga 610 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib beriladi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 79 ming tonnaga ko‘p. 2016 yilga nisbatan esa 359 ming tonnaga yoki 2,4 baravarga ko‘p. Oktyabr-mart oylarida aholiga 318 ming 600 tonna suyultirilgan gaz yetkazib beriladi.

Tizimda shaffoflikni ta'minlash maqsadida 1 sentyabrga qadar 3 million 580 mingta ID-kartalarni iste'molchilarga berish ishlari yakunlanadi. Hozirda maishiy gaz ballonlariga 4 million 395 ming dona kodli stikerlar biriktirilib, ma'lumotlar bazasi yaratilmoqda.

Joriy yilda iste'molchilariga jami 8 million 723 ming tonna ko‘mir mahsuloti yetkazib beriladi.

Top