16:03 / 27.05.2021
510
Buxoroda bojxonachilar yuk hujjatlarida ko‘rsatilmagan mahsulotlarni to‘xtatib qolishdi

Buxoro viloyat bojxona boshqarmasi «Xo‘jadavlat» temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan turli mahsulotlarni yuk hujjatlarida ko‘rsatmay bojxonadan o‘tkazmoqchi bo‘lgan shaxslar aniqlangan. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Buxoro viloyat bojxona boshqarmasi «Xo‘jadavlat» temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari tomonidan Eron–O‘zbekiston yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan temir yo‘l vagonlari bojxona postida o‘rnatilgan «Inspeksion ko‘rik majmuasi» orqali belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan.

Ko‘rik davomida yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan umumiy qiymati 141,7 million so‘mlik qurilish tovarlari borligi aniqlangan.

Shuningdek, «Xo‘jadavlat» temir yo‘l chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatdan kirib kelgan tovar moddiy boyliklari ortilgan vagon belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan. Vagonda yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan, umumiy qiymati 111,3 million so‘mlik bo‘yoq va 44 dona «Linko» nomli biologik faol modda tovarlari borligi aniqlangan.

Qayd etilishicha, hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Top