15:56 / 28.05.2021
2059
Buxoroda 85 yoshli otaxon 520 tup ko‘knor o‘stirayotgani aniqlandi

Buxoro viloyati Peshku tumanida 85 yoshli otaxon va uning 81 yoshli xotini 520 tup ko‘knor giyohvandlik o‘simligini o‘stirib kelayotgani aniqlangan. Bu haqda IIV JQBB Giyohvandlik vositalari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishga qarshi kurashish boshqarmasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 20 may kuni soat taxminan 13:30 larda Peshku tumani IIB xodimlari tomonidan olib borilgan «Qoradori-2021» tezkor tadbirida, Peshku tumani Xo‘lbor mahallasida yashovchi, 1937 yilda tug‘ilgan, Ch.A. va uning turmush o‘rtog‘i, 1940 yilda tug‘ilgan Ch.S. taqiqlangan giyohvandlik o‘simligini parvarishlab kelayotgani aniqlangan.

Jumladan, ular tomorqa yerining ekin maydonida 520 tup ko‘knor giyohvand o‘simligini qonunga xilof ravishda ekib, yetishtirib kelgan. Mazkur giyohvand moddasi IIB xodimlari tomonidan tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan fuqarolar Ch.A. va Ch.S.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 270-moddasi 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Top