10:02 / 29.05.2021
6521
Lex.uz pulli platformaga aylanishi mumkinmi? Furqat Tojiyev milliy baza faoliyatida kutilayotgan o‘zgarishlarni ma'lum qildi

“Adolat” milliy huquqiy axborot markazi direktori Furqat Tojiyev Kun.uz’ga bergan intervyusida Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi faoliyatida kutilayotgan o‘zgarishlar, Lex.uz bilan bog‘liq muammoli vaziyatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

– Qonun hujjatlari ma'lumotlari milliy bazasi, xalqona aytadigan bo‘lsak, Lex.uz platformasi ayni paytda bepul. U qachondir pulli platformaga aylanishi mumkinmi, umuman, uning faoliyatida qandaydir yangiliklar bo‘lishi kutilmayaptimi?

– Lex.uz platformasi – haqiqatan ham faxrlanish mumkin bo‘lgan platforma. Buni qo‘rqmay aytishim mumkin. Juda ko‘p davlatlardagi ana shunday platformalarni kuzataman, bu aholining huquqiy axborotga bo‘lgan ehtiyojini ta'minlash uchun juda katta vazifani bajarib turibdi.

Shuni ta'kidlab o‘tishim kerakki, qonun hujjatlari doim bepul bo‘lib qoladi. Chunki bu davlatning funksional vazifalaridan biri, ya'ni chiqarilgan qaror qayerdadir turishi kerak, uni odamlar ko‘rishi, foydalanishi uchun. Lex.uz qonun hujjatlari e'lon qilinadigan rasmiy nashr hisoblanadi. Ya'ni huquqni qo‘llashda bemalol undagi normalarga tayanish mumkin.

Endi uning pulli bo‘lishiga keladigan bo‘lsak, biz qo‘shimcha funksiyalar joriy qilmoqchimiz. Ya'ni alohida auditoriya uchun mo‘ljallangan har xil sharhlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish rejamiz bor, buning uchun, albatta, xarajat, mehnat sarf bo‘ladi. Buni qoplash uchun balki monetizatsiya joriy qilinar. Lekin bu – hozircha reja.

Lex.uz’ni takomillashtirish bo‘yicha ishlar allaqachon boshlangan. Birinchi navbatda, Lex.uz’ning qidiruv funksiyasi tubdan yangilanadi. Ya'ni hozirgi kunda qidiruv xizmati xato so‘z bilan izlangan hujjatni topib bermaydi. Qaysidir hujjatni topa olishingiz uchun uning nomini yoki so‘zlarni, albatta, to‘g‘ri yozishingiz kerak. Masalan, ayrimlar o‘ziga kerak bo‘lgan hujjatlarni telefonda qidiradi, hamma telefonlarning klaviaturasida o‘,q,g‘,h harflari bo‘lmasligi mumkin. Bunday vaziyatda hujjatni topib bo‘lmaydi. Agar kutilayotgan o‘zgarish joriy etilsa, o‘sha xato so‘zlarni ham topish funksiyasi bo‘ladi.

Furqat Tojiyev

Ikkinchi yangiligimiz bu – ovozli qidiruv funksiyasi. Bu haqda ham tilshunos olimlar bilan ishni boshlaganmiz. Hozirgi vaqtda o‘zbek tilidagi birorta resursda ovozli qidirish funksiyasi mavjud emas. Biz birinchi bo‘lish harakatidamiz. O‘zbekchada bitta so‘z turli shevalarda turlicha talaffuz qilinadi. Shu bois ayni paytda tilshunoslar bilan birgalikda shuning ustida ishlayapmiz. Aslida tilimizda faol ishlatiladigan so‘zlar unchalik ko‘p emas, nari borsa, 11000-12000 ta so‘z. Hech bo‘lmasa, ana shu faol so‘zlarning turli shevalardagi variantlarini baza ko‘rinishida shakllantira olsak, Lex.uz’da ham ovozli qidiruv funksiyasi ishga tushiriladi.

– Deylik, foydalanuvchilar telefonini qo‘lga olib, ovoz qidiruv funksiyasi orqali ham istalgan hujjatni qidirishi mumkin bo‘ladimi shunda?

– Istalgan hujjatni qidirishi mumkin bo‘ladi. Keyin bu algoritmdan Adliya vazirligining boshqa resurslarida, masalan, davlat xizmatlari ko‘rsatish va boshqa yo‘nalishlarda ham bemalol foydalanish mumkin bo‘ladi. Bu – asosiy kutilayotgan o‘zgarish. Keyin, albatta, saytning dizayni va boshqa jihatlari ham o‘zgaradi.

– Ilgari hamma yangi hujjatlar eng avval Lex.uz’da chiqardi. Keyingi paytda bu borada oqsash kuzatilayotgandek. Qonunchilikdagi o‘zgarishlar tezkorlik bilan e'lon qilib borilayotgan boshqa muqobil manbalarning paydo bo‘lishi sizlarni cho‘chitmaydimi? Umuman, bu yo‘nalishda yaqin 10, 20 yoki 30 yilga mo‘ljallangan qandaydir strategiya mavjudmi?

Hujjatlarni izlaydigan muqobil axborot manbalarning ko‘p bo‘lishi bizni cho‘chitmaydi, aksincha, xursand qiladi. Birinchi navbatda chunki Lex.uz sayti bu kim bilandir raqobat qilish uchun yoki pul ishlash uchun qilingan ish emas. To‘g‘ri, bu platformani joriy qilish uchun davlatning juda katta resursi ketgan, hozir ham ketyapti. Bu yerda asosiy maqsad qanaqadir axborot turishi kerak qayerdadir.

Hozir qonunchilikdagi o‘zgarishlar deyarli barcha axborot saytlarida, jumladan, Kun.uz’da ham e'lon qilinmoqda. Lekin Lex.uz’dagi imkoniyat boshqa resurslarda yo‘q. Bundan tashqari u hujjatni nazorat holatida hech kim ushlab turmaydi. Masalan, hujjatlarda o‘zgarish bo‘lsa, nima o‘zgarganligini Lex.uz’dan bemalol ko‘rib olish mumkin.

– Keyingi paytda Lex.uz’da “Hujjatga ayni paytda o‘zgartirish kiritilmoqda” degan yozuv ko‘p ko‘zga tashlanyapti. Lekin afsuski, bu yozuv ertasi kuni kirsangiz ham, bir haftadan keyin kirsangiz ham o‘chib-yonib turgan bo‘ladi. Nimaga bu uzoq davom etadi? Agar shu paytda manba bo‘lmasa, buni o‘zgartirilishidan oldin kiritib qo‘yish kerakmi? Bir hafta-o‘n kunlab cho‘zilishining sababi nimada ? Yoki shunchalik qiyin jarayonmi bu?

– Lex.uz’ga hujjatni kiritishning o‘zi – qiyin jarayon. O‘z vaqtida dasturiy ta'minot murakkab qilingan, buning ham o‘ziga xos sabablari bor. Ayni paytda dasturiy ta'minotni soddalashtirish ustida ishlayapmiz.

O‘quvchilarga tushunarli bo‘lishi uchun bir misol keltiraman. Ayni paytda bir varaq hajmidagi hujjatni bazaga kiritish uchun o‘rtacha 33 minut vaqt ketadi. Endi bir kunda qabul qilinayotgan hujjatlar oqimini tasavvur qilavering. Masalan, 26 may kuni 18 ta hujjat qabul qilingan. Bularni saytga joylab chiqish, boshqa hujjatlarga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni kiritib chiqish gapirishgagina oson.

Saytda qaysi hujjat bilan o‘zgartirish kiritilayotganligi ko‘rinadi. O‘sha hujjat Lex.uz'dagilar ko‘rib olsa bo‘ladi, nima-nimasi o‘zgarayotganligini. Lekin yaqinda bitta hujjat bilan besh yuzga yaqin hujjatga o‘zgartirish kiritildi. Bunda inson resursi bilan bog‘liq muammolar ham bor, lekin bu bizga bahona bo‘la olmaydi. Chunki aniq belgilangan reglamentimiz, muddatlarimiz bor. Har qanday holatda ham hujjatning bir haftada yangilangan shakli chiqishi kerak. Bunda muammo bo‘lishi mumkin emas. Shunaqa bo‘layotgan hodisalar bo‘lishi mumkin, masalan, bitta hujjatga o‘zgartish kiritildi. “Obrabotka” bo‘lish jarayonida yana o‘zgarish holatlari ham bo‘lib turadi. Bir vaqtda bitta hujjatga uch, to‘rt xil hujjatlar bilan o‘zgartish kiritilayotgan holatlar. Balki o‘shanda cho‘zilishi mumkin. Lekin aksariyat holatlarda uzog‘i uch –to‘rt kunda yangilab qo‘yiladi.

Shunga ko‘ra, qabul qilinayotgan hujjatlar ko‘pligidan ayrim vaziyatlarda ulgurmaslik, kechikish holatlari bo‘layotgan bo‘lishi mumkin. O‘ylaymanki, dasturiy ta'minot soddalashtirilsa, bu kamchiliklar ham sekin-asta bartaraf etiladi.

– Fuqarolar murojaati bilan ishlashda jurnalistlar jurnalistik surishtiruvlar o‘tkazish jarayonida bevosita biz ham hujjatlarga havola berishga, hujjatlar bilan ishlashga to‘g‘ri keladi. Deylik, murojaatchi aytgan qandaydir hujjat yoki murojaatchining arizasi asosida joyiga chiqib o‘rganilganda, mutasaddi shaxs, hokimiyat yoki boshqa bo‘ladimi, xodimi tomonidan aytilgan qandaydir hujjatni kelib Lex.uz’dan qidirganimizda ayni paytda topilmaydi yoki o‘zbek tilida yo‘q, rus tiliga o‘ting, degan javoblarni ko‘ramiz. Nega hamma hujjatlar yo‘q, garchi u maxfiy hisoblanmasa ham?

– Hech qanaqa grifi yo‘q hujjatlar, ba'zida shunaqa holatlar bo‘ladiki o‘sha hujjat qanaqadir sabab bilan Adliyaga kelmay qolishi mumkin, yoki shunaqangi ayrim bir sabablar bilan kelmay qolganda biz e'lon qilib joylashtirolmaymiz. Shunisi ham bor. Bu bitta holat. Lekin bu juda kam holatlar ayrim bir-ikkita hujjatlar, Vazirlar Mahkamasi farmoyishlari bo‘lishi mumkin. Chunki Vazirlar Mahkamasi farmoyishi Lex.uz’da e'lon qilinishi talabi yo‘q. Vazirlar Mahkamasi farmoyishi bilan qanaqadir umummajburiy ko‘rsatma yuklab ham bo‘lmaydi.

– Ruslanbek Davletov o‘zining matbuot anjumanlaridan birida bundan buyon hujjatlar o‘zbek tilida bo‘lmasa, qabul qilinmaydi, degandi. Lekin shu paytgacha yuklangan o‘zbekchasi bo‘lmagan hujjatlar taqdiri nima bo‘ladi?

– Oldin rus tilida kiritilgan, o‘zbek tilidagi muqobil tarjimasi bo‘lmagan hujjatlar haqida bo‘lsa, albatta, barchasining o‘zbek tilidagi shakli bo‘ladi. Bu bo‘yicha katta ish boshlangan. Yaqinda normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi. Shunda bir javob bor, ya'ni normativ-huquqiy hujjatlar davlat tilida qabul qilinadi. Agar qanaqadir bir-biriga ziddiyat bo‘lsa, o‘zbek tilidagi matn ustun bo‘ladi, degan joyi bor. Ya'ni shu normani amalga keltirishimiz uchun ham biz buni kiritib qo‘yamiz. Faqat bu biroz ko‘proq vaqt talab qilishi mumkin. Chunki hujjatlar yetarligina.

– Topilmayotgan hujjatlar qachondir to‘ldirib qo‘yiladimi? Ayni paytda faqat rus tilida mavjud hujjatlarning o‘zbek tilidagi variantlari-chi? Bu bo‘yicha qandaydir muddat bormi?

– Lex.uz’dan qaysidir hujjat topilmayotgan bo‘lsa, biz tegishli organ bilan bog‘lanib uni olib kiritib qo‘yamiz. Bu ko‘p holatda kimningdir texnik xatosi bo‘ladi. Bilsangiz, hujjat qabul qilinayotganda, hamma idoralarga tizim orqali yuboriladi. Shu paytda texnik xato tufayli hujjat Adliya vazirligiga kelmay qolgan bo‘lishi mumkin. Yoki boshqa bir sabab bilan hujjat yetib kelmagandir.

Aytmoqchimanki, qaysidir hujjat Lex.uz’dan topilmasa, bu ish qasddan qilinmaydi, ya'ni hujjatlarni odamlardan yashirib o‘tiraylik, jamoatchilik shuni bilmasin, degan masala bo‘lmaydi.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Top