– Sizningcha, bugun o‘zbek jamiyatida aholining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyati qay darajada? Fuqarolarimizning huquqiy savodxonligini 100 balldan necha ballga baholagan bo‘lardingiz?

– Aholining huquqiy savodxonligini baholashning o‘zi murakkab. Chunki jamiyatimiz turli qatlamlardan iborat. Masalan, oddiy aholi bor, shifokorlar, o‘qituvchilar va boshqa ziyoli qatlam bor. Biz aynan aholini emas, balki huquqni qo‘llaydiganlarning huquqiy madaniyat darajasiga alohida e'tibor qaratishimiz kerak. Xususan, mansabdor shaxslarning huquqiy bilimlarini baholash birlamchi ahamiyatga ega.

– Shu o‘rinda bir savol. Negadir huquqiy savodxonlik haqida gap ketganda nuqul aholi, odamlar tilga olinadi. Ammo, bizningcha, ko‘proq, davlat xizmatchilarining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish kerakdek. Chunki so‘nggi paytlarda OAVda yoritilayotgan xabarlar aynan davlat xizmatchilarining bu boradagi saviyasi yetarli emasligi ustida ishlash zarurligini ko‘rsatmoqda. Siz bu borada qanday fikrdasiz?

 Davlat xizmatchilarining huquqiy madaniyatini, huquqiy savodxonligini yuksaltirish zarur va shart bo‘lgan masala hisoblanadi. Ta'bir joiz bo‘lsa, bu oldimizda turgan eng ustuvor masaladir. Bu borada minimal talablarni ishlab chiqqanmiz. O‘tgan yili aholining emas, aynan mansabdor shaxslarning, davlat xizmatchilarining huquqiy bilimlarini baholash metodikasi ishlab chiqildi. Bundan maqsad shuki, mansabdor shaxs o‘zining sohasidagi huquqiy bilimlarni minimal darajada o‘zlashtira olishi kerak.

Deylik, qaysidir tumandagi davlat xizmatlari markazida ishlagan shaxs faoliyatiga oid yo‘riqnomalarni, arizalarni ko‘rib chiqish muddatlarini, ijro nazoratiga oid qonun talablarini bilishi kerak, Bilmasa, kimningdir huquqini buzishni boshlaydi. Shundan kelib chiqib, aynan o‘sha mansabdor shaxslarning o‘zi faoliyatlari darajasini ozgina buzsa, bu uncha yaxshi natija emas. Chunki bu borada qilinadigan ancha ishlarimiz bor.

Mansabdor shaxsning huquqiy madaniyati va huquqiy savodxonligi vaqti-vaqti bilan tekshirib turilishi kerak, deb hisoblaymiz. Albatta, undan oliy ma'lumotli huquqshunoslar bilishi kerak bo‘lgan narsalar talab qilinmaydi. Sohasiga oid qonunchilikni, o‘zining majburiyatlarini, tizimga va faoliyatiga oid huquqiy normalarni o‘zlashtirgan bo‘lishi kifoya.

– Ayni paytda odamlarimizning huquqiy ongi, huquqiy bilimlarini yuksaltirish bo‘yicha Adliya vazirligi, xususan, siz rahbarlik qilayotgan markaz amalga oshirayotgan ishlardan qoniqasizmi?