13:06 / 29.05.2021
4438
O‘tgan yil davomida korxonalardan ortiqcha 1 trillion so‘m soliq undirilgan, bunga chora ko‘rilyaptimi?

Senatning 15-yalpi majlisida Davlat soliq qo‘mitasiga ko‘rilayotgan choralarga qaramay, soliq to‘lovchilardan ortiqcha soliqlar undirish holatlari kuzatilayotgani borasida savol berildi. Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev holatga izoh berdi.

28 may kuni Senatining 15-yalpi majlisida Qashqadaryo viloyati studiyasidan Abdurahim Erkayev DSQ vakillari Senat majlislarida bir necha marta ortiqcha soliqlar undirishga yo‘l qo‘ymaslikni ta'kidlaganiga qaramay, ortiqcha soliqlar undirilayotganiga oid savol bilan murojaat qildi.

Savol: Yuridik shaxslarning budjetga to‘langan ortiqcha soliqlari yuqori bo‘lib qolmoqda. Soliq qo‘mitasi vakillari Senat majlislarida bir necha marta ortiqcha soliq to‘lovlari undirilmasligi bu borada ishlab chiqilgan kompyuter dasturlari bunga yo‘l qo‘ymasligi haqida aytgan edi. Lekin 2020 yil davomida salkam 1 trillion so‘m ortiqcha soliq undirilganligi aytildi. Bunga sabab Mahkama masalasimi yoki joylardagi soliqchilarning layoqatsizligimi?

Davlat soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ortiqcha to‘lovlar undirilmasligi uchun ko‘rilayotgan choralar borasida gapirdi;

«Haqiqatda hisobotda qayd etilganidek ortiqcha to‘langan soliqlar 2021 yil 1 yanvar holatiga 150,7 mlrd.so‘mni tashkil etgandi, 2020 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra bu miqdor (168,1 mlrd.so‘mni tashkil etib) 17,4 mlrd.so‘mga kamaygan.

2020 yil 1 avgustdan boshlab soliqlarni inkasso topshiriqnomasi orqali ortiqcha undirilishining oldini olish maqsadida inkasso topshiriqnomalarini shakllantirish va banklarga yuborish to‘liq avtomatlashtirilib (umuman inson omili aralashmaydi), asossiz ortiqcha soliqlarni undirishga butunlay chek qo‘yildi.

Bundan tashqari, 2020 yil 1 oktyabrdan boshlab, ortiqcha to‘langan soliqlarni qaytarish yoki hisobga olish tizimi butunlay yangilanib, soliq to‘lovchilarga o‘zlarining shaxsiy kabinetlari orqali mavjud ortiqcha to‘lovlarini qaytarish yoki hisobga olish to‘g‘risida mustaqil ravishda xulosa tayyorlab, DSI orqali G‘aznachilikka yuborish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, joriy yil 23 fevralidan boshlab, soliq to‘lovchilar bilan konstruktiv muloqot qilish va ularga soliq majburiyatlarini bajarishlarida ko‘maklashish maqsadida «Tadbirkor va Soliqchi» telegram guruhi tashkil etilib, soliq organlari tomonidan ortiqcha undirilgan soliqlar to‘g‘risida soliq to‘lovchilardan kelib tushayotgan xabarlar zudlik bilan ko‘rib chiqilmoqda.

Ortiqcha to‘langan soliqlarni qaytarish yoki hisobga olish muddatlarini buzgan va ortiqcha to‘lovlarni qisqartirish yuzasidan yetarlicha ish tashkil etmaganligi uchun soliq organlarining 2020 yilda 79 nafar, joriy yilning I choragida 38 nafar xodimiga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanildi hamda 5 nafar rahbar xodimlar egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi», – dedi DSQ raisi o‘rinbosari.

Shuningdek, u ortiqcha to‘lovlar 10 kun muddatda qaytarib berilayotgani va ushbu muddatni 5 kunga qisqartirish borasida qo‘shma qaror loyihasi ishlab chiqilgani haqida gapirdi.

«Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va Davlat bojxona qo‘mitasining 2016 yil 24 martdagi qarori bilan tasdiqlangan Yo‘riqnomaga muvofiq ortiqcha to‘lovlarni qaytarish bo‘yicha G‘aznachilik bo‘limiga yuborilgan xulosalar ko‘pi bilan 10 kun muddatda soliq to‘lovchiga to‘liq qaytarib berilmoqda.

Shuningdek, ushbu muddatni 5 kunga qisqartirish hamda ortiqcha to‘lovlarni qaytarish muddati buzilgan taqdirda soliq to‘lovchilarga foiz to‘lab berish tartibini joriy etish maqsadida mazkur yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qo‘shma qaror loyihasi tayyorlanib, bugungi kunda Moliya vazirligi tomonidan regulation.gov.uz saytiga joylashtirish ishlari olib borilmoqda.

VMning 2020 yil 14 avgustdagi 489-son qaroriga asosan, QQSni hisobga olgan to‘lovchilarga 2020 yil davomida jami 9,1 trln.so‘m QQSning ortiqcha summalari qaytarib berilgan va shuncha miqdorda soliq to‘lovchilarning tovar aylanmasi oshishiga amaliy yordam ko‘rsatildi», – ta'kidladi Mubin Mirzayev. 

Top