21:15 / 01.06.2021
66434
DTM bu yilgi kirish test sinovlaridagi asosiy o‘zgarishlar haqida ma'lumot berdi

Joriy yilgi kirish test sinovlarida abituriyentlarning 5ta (3ta majburiy va 2ta mutaxassislik) fandan imtihon topshirishi tasdiqlandi.

Bugun, 1 iyun kuni Milliy matbuot markazida 2021-22 o‘quv yili uchun OTMga kirish test sinovlariga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbir davomida test sinovlari bo‘yicha jamoatchilikni qiziqtirayotgan qator savollarga aniqlik kiritilgan.

Fanlar majmuasi va baholash mezonlari

DTM Bosh boshqarma boshlig‘i Farhod Mirzayevning ma'lum qilishicha, 2021/2022 o‘quv yilida oliy ta'lim muassasalarining bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari uchta majburiy fan – ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlari hamda ikkita mutaxassislik fanidan o‘tkaziladi.

«Bunda barcha test topshiruvchilar uchun majburiy bo‘lgan 3 ta fan – ona tili (o‘zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O‘zbekiston tarixi fanlarining har biridan 15 tadan jami 45 ta test topshirig‘i va har bir to‘g‘ri javob uchun 2,1 balldan beriladi. Majburiy fanlardan jami to‘plash mumkin bo‘lgan ball – 94,5 ballni tashkil etadi.

Bakalavriat ta'lim yo‘nalishiga mos bo‘lgan 2ta fan bo‘yicha esa har biri 30tadan jami 60ta test topshirig‘i va har bir to‘g‘ri javob uchun

3,1 balldan beriladi. Jami to‘plash mumkin bo‘lgan ball – 186 ball.

Umumiy holda, abituriyentlarga 5ta fan bo‘yicha jami 105ta test topshirig‘i beriladi. Bunda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball – 280,5 ballni tashkil etadi», – deya ma'lumot berdi u.

Test sinovlariga tayyorgarlik haqida

DTM Bosh boshqarma boshlig‘ining aytishicha, yangi o‘quv yili uchun bakalavriat ta'lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlarida 1,6 mlndan ortiq abituriyent qatnashishi kutilmoqda.

«2020 yilda abituriyentlarni ro‘yxatga olish shu tizimlar orqali onlayn amalga oshirilgan edi. Bu abituriyentlarga va ularning ota-onalariga ko‘plab qulayliklar yaratdi. Shu sababli, 2020 yil tajribasidan kelib chiqqan holda, 2021 yilda ham abituriyentlarni ro‘yxatga olish Davlat test markazining rasmiy veb-sayti (my.dtm.uz) va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali onlayn amalga oshiriladi.

Hozirda DTM sayti takomillashtirilib, abituriyentlarni onlayn ro‘yxatga olish uchun tayyorlanmoqda», – dedi mutasaddi.

Imtiyozlar

Matbuot anjumanida bu haqda ham qo‘shimcha ma'lumot berildi. Jumladan, Farhod Mirzayevning ta'kidlashicha, hozir abituriyentlarga oliy ta'lim muassasalariga kirish uchun imtiyoz berish va ularni tasdiqlash vakolatiga ega bo‘lgan mas'ul vazirlik va idoralar bilan imtiyozlar reyestri tayyorlanyapti.

«Buning uchun Davlat test markazi tomonidan maxsus platforma ishlab chiqilgan va tegishli vazirlik va idoralarga imtiyozlarni kiritish uchun kerakli ma'lumotlar taqdim etilgan.

Hozirgi kunda vakolatli organlar tomonidan imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlar ro‘yxati shakllantirilib, DTMning maxsus dasturiga kiritib borilmoqda. Davlat komissiyasining topshirig‘iga asosan, imtiyozlar reyestrini shakllantirish 10 iyunga qadar yakunlanadi.

Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida nogironligi bo‘lgan shaxslarning ma'lumotlarini real vaqt rejimida olish uchun

Davlat test markazi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida hamkorlik bitimi tuzildi. Unga ko‘ra, DTM sayti orqali ro‘yxatdan o‘tishda nogironligini belgilagan abituriyentning ma'lumotlari Idoralararo ma'lumot almashish tarmog‘i orqali Respublika tibbiy-ijtimoiy ekspertiza inspeksiyasining bazasi dasturiga real vaqt rejimida so‘rov yuborish orqali o‘rganiladi.

Yo‘lga qo‘yilayotgan mazkur tizimli ishlar abituriyentlarga ro‘yxatdan o‘tish jarayonida qulayliklar yaratish, imtiyozlarni belgilashda yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan texnik xatoliklarning oldini olishga xizmat qiladi», – dedi u.

Test sinovlari qayerda va qanday o‘tkaziladi?

Davlat test markaziga ko‘ra, bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan hamkorlikda 2 xil ssenariy ustida ish olib borilmoqda.

  1. Test sinovlarini an'anaviy shaklda katta sig‘imli binolarda o‘tkazish.
  2. Pandemiya sharoitida test sinovlarini 2020 yildagi kabi ochiq maydonlarda o‘tkazish.

«Buning uchun test sinovi o‘tkaziladigan joylar tanlanib, reja-chizmalari va dislokatsiyalari tayyorlandi. 46 830 nafar abituriyent uchun mo‘ljallangan 96 ta katta sig‘imli yopiq bino, 59 040 nafar abituriyentga mo‘ljallangan 65 ta stadion va xiyobon shular jumlasidandir.

 Test sinovlari o‘tkaziladigan katta sig‘imli binolar va ochiq maydonlar ro‘yxati Davlat komissiyasiga kiritildi.

Test sinovlarini karantin talablarini inobatga olgan holda tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining xulosalari olindi», – DTM Bosh boshqarma boshlig‘i Farhod Mirzayev so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Top