12:14 / 01.06.2021
6060
Samarqandda 4 gektar yerni 28 ming dollarga sotayotgan fermer boshchiligidagi guruh ushlandi
Foto: KUN.UZ

Samarqand viloyati Samarqand tumanida fermer xo‘jaligi rahbari boshchiligidagi guruh 4 gektar yerni 28 ming AQSh dollariga sotayotganda ushlangan. Bu haqda viloyat prokuraturasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Samarqand tumanida yashovchi fermer N.H. o‘zining tanishlari Sh.A. va MMTP rahbari F.X. bilan jinoiy til biriktirib, F.A.ga, o‘zi rahbar bo‘lgan fermer xo‘jaligi yeridan 4 gektar yer maydonini ajratib berishlarini va'da qilgan. So‘ng uning ishonchiga kirib, tuman hokimiyatida ishlovchi mansabdor tanishlarini manfaatdor qilishini aytib, uni pora berishga dalolatchilik qilib, 28 ming dollar miqdoridagi pullarni firibgarlik yo‘li bilan o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan 2021 yil 29 may kuni Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 28,211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ta'kidlanishicha, 2021 yil 31 may kuni viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, viloyat prokurori Ravshan Masharipov, DXX viloyat boshqarmasi boshlig‘i Abdug‘apur Ahmedov boshchiligida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha viloyat idoralararo komissiyasining sayyor tartibdagi yig‘ilishi o‘tkazilgan. Unda Samarqand tumani fuqarosi tomonidan sodir etilgan jinoyat hokimlik, jamoatchilik va komissiya a'zolarining ishtirokida muhokama qilinib, tegishli chora-tadbirlar belgilab olingan.

Top