16:40 / 07.06.2021
5360
Samarqandda IIB xodimining xotini erining mashinasi bilan piyodani urib qochib ketdi. Piyoda vafot etdi

Samarqand viloyati Payariq tumanida IIB xodimining xotini eriga tegishli mashina bilan yo‘lda ketayotgan shaxsni urib yuborib, hodisa joyidan qochib ketgan. Oqibatda jabrlanuvchi vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 31 mart kuni soat 21:20 larda Payariq tumani Emalach qishlog‘ida yashovchi ayol Ishtixon tumani IIB xodimi bo‘lib ishlovchi turmush o‘rtog‘i X.S. ning nomida bo‘lgan Matiz mashinasini minib chiqqan. So‘ng, Payariq tumanining Javsharota mahallasi hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lida ketayotgan D.J. ni urib yuborib, hodisa joyidan qochib ketgan.

Oqibatda, D.J. og‘ir tan jarohatlari olgan va ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay, vafot etgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Payariq tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi (odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi ko‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ta'kidlanishicha, vafot etgan shaxsning yaqinlari o‘sha kuni Matiz mashinasini ayol kishi emas, balki IIB xodimining o‘zi boshqargan, deb da'vo qilishmoqda. Viloyat IIB axborot xizmati rahbari Jahongir Sa'dullayevning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, hozirda Matiz boshqaruvida IIB xodimi bo‘lgan yoki bo‘lmaganini aniqlash uchun xodimga nisbatan ham xizmat tekshiruvi va boshqa surishtiruvlar o‘tkazilmoqda.

Top