11:35 / 09.06.2021
5987

Cho‘milish havzalariga borayotgan bolalarni nazoratsiz qoldirmang - FVV

Cho‘milishga borgan bolalar Chirchiq daryosida suv sathi keskin ko‘tarilgani sababli daryo o‘rtasidagi orolchada qolib ketishdi. Ular Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruv guruhi tomonidan qutqarilgan.

Foto: Favqulodda vaziyatlar vazirligi

Vazirlik axborot xizmati xabar berishicha, 2021 yilning 8 iyun kuni Sergeli tumani hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosiga cho‘milish maqsadida borgan bolalar daryo o‘rtasidagi orolchaga suzib borishgan. Ammo suv sathining keskin ko‘tarilib, oqim tezlashganligi tufayli orqaga qaytishning imkoni bo‘lmagan. Bolalar bu vaziyatda tungi vaqtgacha orolchada qolib ketishdi.

Mazkur holat haqida soat 21:00da Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar berilgan va qutqaruv otryadi suvda qidiruv-qutqaruv guruhi qutqaruvchilari zudlik bilan yetib borishdi. Daryo o‘rtasida qolib ketgan 13 va 14 yoshlarda bo‘lgan uch nafar bola maxsus kichik hajmli kemada qirg‘oqqa olib o‘tilib, ota-onalariga topshirildi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kun.uz’ga bergan ma'lumotida ota-onalarga murojaat qildi.

«Yoz fasli munosabati bilan cho‘milish havzalariga borayotgan farzandlaringizni nazoratsiz qoldirmang, ularning taqiqlangan joylarda cho‘milmasligiga, xavfsizlik qoidalariga rioya qilishlariga e'tiborli bo‘ling. Aks holda noxush vaziyatlar kelib chiqishi ehtimoldan xoli emas», deyiladi murojaatda.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning besh oyi mobaynida vazirlikning hududiy boshqarmalari tomonidan 26 nafar fuqaroning cho‘kishi bilan bog‘liq baxsiz hodisalar qayd etilgan. Mazkur 26 holatning 14tasida voyaga yetmagan bolalar suvda cho‘kkani ma'lum bo‘lgan. 2020 yilda esa 160 nafardan ortiq shaxs suvda cho‘kish oqibatida vafot etgan. 

Top