12:55 / 10.06.2021
6690
Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi

Markaziy bankning asosiy stavkasi o‘zgarishsiz, yillik 14 foiz darajasida saqlab qolinmoqda.

Markaziy bank boshqaruvining 2021 yil 10 iyundagi navbatdagi yig‘ilishi qaroriga asosan, qayta moliyalash stavkasi yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi.

Ma'lumot uchun, Bosh regulyatorning asosiy stavkasi 2018 yil boshida 14 foiz etib tasdiqlangandi. 2019 yilda ushbu stavka 16 foizgacha ko‘tarildi.

2020 yil 14 apreldagi navbatdan tashqari yig‘ilish qaroriga asosan, Markaziy bankning asosiy stavkasi 1 foiz bandga pasaytirilib, yillik 15 foiz darajasida belgilangandi. Pandemiya va karantin sharoitida ushbu stavka o‘zgartirilmadi. Yil yakunida esa qayta moliyalash stavkasi 14 foiz etib belgilandi.

MB boshqaruv kengashining 2021 yil 21 yanvar, 11 mart va 22 aprel kunlari o‘tkazilgan yig‘ilishlarida ham qayta moliyalash stavkasi o‘zgarishsiz qoldirilgandi.

O‘zbekiston tarixida qayta moliyalash stavkasining eng yuqori ko‘rsatkichi 1995 yilda kuzatilgan bo‘lib, o‘sha paytda asosiy stavka 300 foizga yetgandi. Shundan so‘ng, 2017 yilgacha asosiy stavka pasayib borgan va 27 iyunda 9 foizni tashkil etgan.

Top