O‘zbekiston | 20:43 / 16.06.2021
11989
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 2021 yil yakunigacha 10ta elektr stansiya ishga tushiriladi

Energetika vazirligiga ko‘ra, bu 10 ta stansiya ishga tushgach, O‘zbekiston energetika tizimining umumiy quvvati 16 ming megavattga yaqinlashadi va 2016 yilga nisbatan 52 foizga oshadi.

2021 yil yakuniga qadar respublikada umumiy quvvati 1 800 megavatt bo‘lgan 10 ta elektr stansiya (issiqlik va quyosh elektr stansiyalari) ishga tushiriladi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati Kun.uz'ga ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, ayni paytda Toshkent, Buxoro, Xorazm, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida elektr stansiyalari qurilmoqda.

Ular ishga tushgach, O‘zbekiston energetika tizimining umumiy quvvati 16 ming megavattga yaqinlashadi va 2016 yilga nisbatan 52 foizga oshadi.

2025 yilgacha esa bu ko‘rsatkich 25 600 megavattgacha, 2030 yilga qadar 29 200 megavattgacha oshirilishi rejalashtirilgan. Ya'ni 10 yil davomida umumiy quvvatni qariyb ikki barobarga oshirish ko‘zda tutilgan.

«Agar dunyoda energiya iste'molining 23 foizi uy-joy sektoriga to‘g‘ri kelsa, O‘zbekistonda bu – 40 foiz. Xususan, Yevropada 1 kvadrat metr uchun energiya sarfi yiliga 120-150 kilovatt soatni tashkil qilsa, O‘zbekistonda mazkur ko‘rsatkich 390 kilovatt soatdan oshadi yoki 240-270 kilovatt soat ko‘proqni tashkil qiladi.

Mutaxassislar fikricha, 10 yildan kam vaqt ichida respublika aholisi va iqtisodiyot tarmoqlaridan elektr energiyasiga bo‘lgan talab ikki baravar ko‘payadi. Ya'ni 2030 yilga qadar 120,1 milliard kilovatt soat elektr energiyasini ishlab chiqarishga erishiladi (2020 yilda bu ko‘rsatkich 66,4 milliard kilovatt soat)», – deyiladi vazirlik ma'lumotida.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2016 yilda respublikada o‘rtacha kunlik elektr energiyasi iste'moli 137,8 million kilovatt soat bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2021 yil 1 iyun holatiga 183,7 million kilovatt soat yoki 33,4 foizga ko‘pni tashkil qilmoqda.

Qayd etilishicha, bugungi kunda elektr energiyasi iste'molchilari soni 7 million 268,9 ming kishi va bu 2016 yilga nisbatan 947,8 mingtaga ortiqdir. Shundan 336,6 ming nafari yuridik iste'molchilar bo‘lib, o‘tgan 5 yil mobaynida ular soni 69,1 mingga ko‘paygan.

Vazirlik 2021 yil oxirigacha mamlakatda 26 300 kilometr past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va 9 mingdan ortiq transformator punktlari ta'mirlanishini ham ma'lum qildi.

Shuningdek, 2030 yilga qadar 130 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari va 40 mingdan ortiq transformatorlar bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinishi bildirildi.

Hozirda O‘zbekiston energetika tizimining mavjud ishlab chiqarish quvvati 14 131 megavattni tashkil qilmoqda. 2000 yilda bu ko‘rsatkich 7 750 megavatt, 2016 yilda 10 830 megavatt edi. Ya'ni 16 yil ichida deyarli 3 ming megavatt qo‘shilgan bo‘lsa, xuddi shuncha hajmdagi quvvat so‘nggi uch yilda qo‘shilishiga erishilgan.

Mavzuga oid