17:01 / 18.06.2021
11936
Prezident Andijon shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyat faollari bilan yig‘ilishdan so‘ng Andijon shahridagi bunyodkorlik ishlari va yangi loyiha taqdimoti bilan tanishdi.

Dastlab Bobur nomidagi Andijon viloyati axborot-kutubxona markaziga borildi.

Bu bino 1965 yilda qurilgan bo‘lib, oxirgi yillarda eskirib, yaroqsiz holga kelib qolgandi. Joriy yilda rekonstruksiya qilinib, mukammal ta'mirlandi. Kitoblar saqlanadigan yerto‘la va maxsus xonalarning osti betonlandi. Uch qavatli bino zamonaviy qiyofa va sharoitga ega bo‘ldi. Kutubxona 872 ming nusxadan ortiq kitob fondiga ega.

Prezident markazda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

«Bu joy Andijon viloyatining ma'naviyat markazi bo‘lishi kerak. Farzandlarimizni o‘qitish - kelajakka investitsiya. Shuning bu yerga yoshlarni ko‘proq jalb etish, natijadorlikni oshirish kerak», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Kutubxona fondini boyitish uchun mablag‘ ajratish, uni maktab va oliy o‘quv yurtlari bilan samarali bog‘lash, bu yerda Andijon tarixi, Bobur, Cho‘lpon, Muhammad Yusuf kabi shoirlar ijodi bo‘yicha tanlovlar o‘tkazish zarurligi ta'kidlandi.

Axborot-kutubxona markazida 68 nafar xodim va mutaxassis mehnat qilmoqda. Prezident ularni mahalliy budjet hisobidan qo‘shimcha rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shavkat Mirziyoyev Andijon shahrining Bobur ko‘chasida quriladigan ko‘prik loyihasi bilan tanishdi.

Bu inshoot Samarqand tajribasi asosida, monolit uslubida qurilishi rejalashtirilgan. U Markaziy temir yo‘l vokzali ustidan o‘tadi va shaharning ikki qismini bog‘laydi. Ko‘prik uzunligi qariyb 700 metr bo‘lishi hisob-kitob qilinmoqda.

Uning qurilishi natijasida masofa 5 kilometrga, vaqt sarfi esa 25 foizga qisqarib, Andijon ahlining necha yillik orzu-niyatlari amalga oshadi.

Davlat rahbari loyihani ma'qullab, tegishli mablag‘ ajratish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.

Prezident Andijon tumanidagi «Andijon gullar bog‘i»ni borib ko‘rdi.

«Bu ham go‘zallik, ham daromad, ham ma'rifat. Bunday bog‘larni har bir tumanda tashkil etib, ayollarga gul yetishtirishni o‘rgatish kerak. Bu orqali «ayollar daftari»ga kirgan xotin-qizlarni ishli, daromadli qilish mumkin», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu bilan prezidentning Andijon viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Top