11:53 / 19.06.2021
21524
Erondagi prezidentlik saylovlarida Ibrohim Raisiy g‘olib bo‘ldi
Foto: Reuters

Ibrohim Raisiy Eronda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi. Bu haqda mamlakatning saylovlar o‘tkazish bo‘yicha shtabi xabar berdi.

Qayd etilishicha, mamlakat Oliy sud raisi Ibrohim Raisiy 17,6 milliondan ortiq ovoz to‘plagan holda g‘olib bo‘lgan. Jami 28,6 million kishi ovoz berish jarayonida ishtirok etgani aytiladi.

18 iyun Eronda prezident saylovlarida ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tdi. Mamlakat rahbari lavozimi uchun 4 nomzod kurash olib bordi. Amaldagi prezident Hasan Ruhoniy o‘z lavozimini ketma-ket ikki muddat egallagani sababli joriy saylovlarda ishtirok etmadi.

52 mlndan ko‘proq eronlik butun mamlakat bo‘ylab faoliyat yuritgan 66,8 mingga yaqin hamda dunyoning 133ta davlatida ochilgan 234ta saylov uchastkasida ovoz berishi mumkin bo‘ldi. 

Prezident lavozimi uchun 4 nomzod kurash olib bordi. Dastlab nomzodlar soni ko‘proqni tashkil qilgan, biroq oxirgi haftada ulardan ko‘pi saylovlarda ishtirok etmaslikka qaror qilgan.

Saylovlarda mamlakatda qabul qilinuvchi qarorlarning maqsadga muvofiqligi bo‘yicha kengash kotibi Muhsin Rizoiy, Oliy sud raisi Ibrohim Raisiy, parlament raisi o‘rinbosari Amir Husayn Qozizoda Hoshimiy va markaziy bankning sobiq rahbari Abdulnasr Himmatiy ishtirok etdi.

Eron prezidenti 4 yillik muddatga saylanadi. Saylovlarda g‘alaba qozonish uchun 50 foizdan ko‘proq ovoz to‘plash lozim. Agar nomzodlardan birortasi bunday natijaga erisha olmasa, unda saylovlarning ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi. 

Top