09:12 / 23.06.2021
2810
Surxondaryoda tez yordam mashinasini o‘tkazmagan YPX xodimlari lavozimidan ozod qilindi

Termiz shahrida chaqiruv bo‘yicha ketayotgan tez yordam mashinasini o‘tkazmagan YPX xodimlari lavozimidan ozod qilingan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, holat Termiz shahar Navbahor ko‘chasida sodir bo‘lgan. Ikki nafar YPX xodimi 15-17 iyun kunlari Surxondaryo viloyatida «Yoshlar festivali» o‘tkazilgani munosabati bilan yo‘lning harakatlanish vaqtincha cheklangan qismida chaqiruv bo‘yicha manzilga ketayotgan tez yordam mashinasini o‘tkazmagan.

Mazkur hodisa tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, YPX xodimlarining xatti-harakatlari keng jamoatchilik e'tirozlariga sabab bo‘lgandi. Shundan so‘ng, viloyat IIB YHXB holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazilishini ma'lum qilgandi.

Qayd etilishicha, Surxondaryo viloyati IIB YHXBning 21 iyun kunidagi xizmat tekshiruvi xulosasiga ko‘ra, inspektorlar egallab turgan lavozimidan ozod etilgan va boshqarma ixtiyoriga qoldirilgan.

Top