O‘zbekiston | 22:12 / 28.06.2021
89627
3 daqiqa o‘qiladi

Yana 47 nafar afg‘on harbiysi O‘zbekiston hududiga o‘tdi - TIV

26 iyunda 3 nafar, 27 iyunda 44 nafar afg‘onistonlik harbiy O‘zbekiston chegarasini buzib kirgan, o‘zbek chegarachilari ularni vataniga qaytarib yuborgan. O‘zbekiston o‘z hududiga bu kabi noqonuniy o‘tishga urinishlar qat'iy ravishda bartaraf etilishini yana bir bor ma'lum qildi.

O‘zbekiston yana bir bor Afg‘onistonda keskinlik kuchayib borayotganidan xavotirda ekanini bildirdi.

Rasmiy Toshkent kurashayotgan tomonlarni tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lishining oldini olishga va kuch ishlatishdan tiyilishga chaqirmoqda.

O‘zbekiston TIVning 28 iyun oqshomidagi bayonotiga ko‘ra, 27 iyun kuni 44 kishidan iborat Afg‘oniston chegara qo‘shinlari va mahalliy qurolli guruh vakillari Sho‘rtepa tumani hududida O‘zbekistonning davlat chegarasini buzgan.

Bundan tashqari, 26 iyun kuni chegaraning ushbu qismida qo‘shni mamlakat kuchishlatar tizimlari 3 nafar vakilining O‘zbekiston hududiga kirib kelish holati qayd etilgan. Barcha Afg‘oniston fuqarolari o‘z vataniga qaytarilgan, deyiladi TIV axborotida.

“O‘zbekiston hududiga bu kabi noqonuniy o‘tishga urinishlar qat'iy ravishda bartaraf etiladi.

O‘zbekiston Hukumati Afg‘oniston bilan an'anaviy do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini davom ettirish, neytralitetni saqlash hamda qo‘shni mamlakat ichki ishlariga aralashmaslik tarafdori ekanligini qat'iy ma'lum qiladi”, – deya yakunlanadi O‘zbekiston tashqi siyosat idorasining rasmiy bayonoti.

Eslatib o‘tamiz, 23 iyunda ham 53 nafar afg‘on harbiylari O‘zbekiston hududiga qochib o‘tgandi.

Shu kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan telefon muloqotida Afg‘onistonda va Tojikiston chegarasi hududlarida yuzaga kelayotgan tahlikali vaziyatni ham muhokama qilib, ushbu mamlakat bilan chegara chizig‘idagi vaziyatni juda keskin deb baholagandi.

Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashuvi fonida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy okruglarda harbiy mashg‘ulotlar boshlagan.

O‘zbekiston rasmiylari 22 iyun kuni Afg‘onistonda koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat keskinlashayotgani sababi bilan o‘zaro chegarani yopgan.

  • Amerikalik harbiylar Afg‘onistonni tark eta boshlagach, «Tolibon» harakati shimol tomonga faol yurish boshladi, ayni vaqtda ushbu hududda hukumat qo‘shinlari va harakat jangarilari o‘rtasida jangovar to‘qnashuvlar davom etmoqda. Avvalroq «Tolibon» bir qator tumanlar va Tojikiston bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktlarini egallab olgani, Qunduz viloyatida joylashgan «Sherxon-Bandar» nazorat o‘tkazish punktiga hujumdan so‘ng hukumat qo‘shinlarining 130dan ortiq harbiysi Tojikiston hududiga chekingani xabar qilingandi.

Mavzuga oid