19:57 / 29.06.2021
7982
Antimonopoliya qo‘mitasi noqonuniy davlat xaridlari bo‘yicha o‘rganish natijalarini ma'lum qildi

Yanvar-may oylarida o‘tkazilgan o‘rganishlarda 8 mingta tenderdan 4 mingtasida kamchiliklar aniqlangan. Eng yomon ko‘rsatkich qurilish sohasiga tegishli.

Foto: TASS

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi davlat xaridlarida yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi.

Qo‘mitaga ko‘ra, o‘tgan 5 oy davomida jami 8 ming 100ta tender (tanlov) savdolaridan 4 ming 100tasida kamchiliklar aniqlangan. Xususan, 55 foiz noqonuniy savdolar qurilish ishlarida, qolgan qismi tovar va xizmatlar xarid qilishda amalga oshirilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, eng yirik ko‘rsatkich (67,7 foiz) davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzish bilan bog‘liqdir.

Shuningdek:

  • ishtirokchilar o‘rtasida affillanganlik (13,7 foiz);
  • buyurtmachi va ishtirokchilar o‘rtasida affillanganlik (6 foiz);
  • savdo o‘tkazmasdan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzish (5,2 foiz);
  • savdo ishtirokchilarini asossiz ravishda chetlashtirish (3,2 foiz) kabi qonunbuzilish holatlari ham aniqlangan. 

Ma'lumot berilishicha, qo‘mita tomonidan davlat xaridlarini amalga oshirishda ishtirok etayotgan affillangan shaxslarni aniqlashga xizmat qiluvchi demoreport.uzex.uz elektron tizimi joriy qilindi. Mazkur tizim orqali xaridlar ijrochilari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni (xarid g‘olibi, uning STIR raqami, benifitsiari va ta'sischisi, ularning STIR raqami) doimiy monitoringi amalga oshirilmoqda.

Avvalroq, may-iyun oylarida o‘tkazilgan davlat xaridlarida budjet buyurtmachilari tomonidan qiymati 101,5 mlrd so‘mlik 324 ta tanlovda «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi va «Raqobat to‘g‘risida»gi qonunlar talablari buzilishiga yo‘l qo‘yilgani xabar qilingandi.

Jumladan, davlat xaridlariga oid qonunchilik talablari buzilishi eng ko‘p Andijonda 20 mlrd so‘mlik (51 ta), Toshkent shahrida 19,5 mlrd so‘mlik (51 ta) va Samarqand viloyatida 12,8 mlrd. so‘mlik (52 ta) qayd etilgan.

Top