15:01 / 29.06.2021
2936
O‘zbekistonga yana 1 mln doza o‘zbek-xitoy vaksinasi olib kelindi

29 iyun kuni O‘zbekistonga yana 1 million doza ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi olib kelindi. Bu ushbu vaksinaning mamlakatga keltirilgan 6-partiyasi hisoblanadi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

29 iyun kuni ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining navbatdagi 1 mln dozasi O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bu ushbu vaksinaning O‘zbekistonga keltirilgan 6-partiyasi bo‘lib, bundan avval ZF-UZ-VAC2001ning:

  • 27 martda — 1 million doza,
  • 27 aprelda — 1 million doza,
  • 18 mayda — 1 million doza,
  • 19 mayda — 500 ming doza,
  • 10 iyunda — 1 million doza partiyalari keltirilgan.

Bugungi kunda O‘zbekistonning vaksina zaxirasi 6,4 million dozaga yetdi va shundan hozigacha 3,4 mln dozadan ortig‘i vaksinatsiya jarayonlarida qo‘llandi.

30 iyun kuni ZF-UZ-VAC2001 vaksinasidan yana 1 mln doza olib kelinishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda so‘nggi sutkadagi emlash jarayonida koronavirusga qarshi 130 mingga yaqin vaksina qo‘llandi. Hozirgi kungacha O‘zbekistonda koronavirusga qarshi jami 3 409 257 doza vaksinadan foydalanilgan, ularning 1 174 587 dozasi ikkinchi va 236 043 dozasi uchinchi bosqichda qo‘llangan. Shunga ko‘ra, mamlakatda jami emlanganlar soni 1 998 627 kishini tashkil etmoqda.

Mamlakatda iyun oyi oxirigacha 4 million kishini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilgan. O‘zbekistonda koronavirusga qarshi emlanuvchilar guruhi yana kengaydi. Endi 50 yosh va undan kattalar bepul vaksina olishi mumkin. Toshkentda 28 iyundan 18 yoshdan katta bo‘lgan barcha qatlam koronavirus infeksiyasiga qarshi davlat budjeti mablag‘lari hisobidan ixtiyoriy tarzda ommaviy emlanadi.

Bundan oldinroq Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botir Qurbonov O‘zbekistonga Pfizer, Moderna yoki JSST tasdiqlagan boshqa vaksina kelishi kutilayotgani to‘g‘risida ma'lumot bergandi. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top