O‘zbekiston | 16:41 / 31.01.2022
10472
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik biolog: Ilk vaksina musulmon olimi tomonidan yaratilgan

Biolog olim Baxtiyor Rasulov emlashga oid dastlabki amaliyotlar sharqda, mashhur tib olimi Abubakr ar-Roziy tomonidan amalga oshirilgani haqida yozmoqda. Ar-Roziyning bu boradagi asarlari Yevropa universitetlarida asosiy qo‘llanma sifatida o‘qitilgan.

Foto: Facebook / Baxtiyor Rasulov

«Abubakr Muhammad Ibn Zakariyo ar-Roziy (865-925) o‘rta asrlarda Yevropada Rhazes nomi bilan mashhur bo‘lgan olimdir. Zamonaviy virusologiya asoslari o‘qitilayotganda bu olimning ilmiy merosiga ham to‘xtalib o‘tiladi.

Ar-Roziyning «al-Judari va al-Hasbah» («Chechak va qizamiq») risolasi o‘rta asrlarda lotin va Yevropaning ko‘plab tillariga tarjima qilinib, universitetlarda asosiy qo‘llanma sifatida o‘qitilgan. U chechak virusi qonda paydo bo‘lganda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi va boshqa kasalliklardan farqli ravishda yuqumli ekanini isbotlab beradi.

1911 yildan so‘ng qator xorijiy nashrlar ar-Roziyning ko‘rsatmalari g‘oyatda to‘g‘ri ekanini e’tirof eta boshlagan. «Kasallikning dastlabki mavjudligi to‘g‘risidagi eng ishonchli dalillar fors shifokori ar-Roziy tomonidan yozilgan, uning belgilari aniq tasvirlangan, uning patologiyasi gumoral yoki fermentatsiya nazariyasi bilan izohlangan va uni davolash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan» (Hashempur et al., 2017).

Ar-Roziy ta’rifi asosida chechakni davolash uchun chechak bilan kasallangan hayvon qoni zardobini tayyorlash texnologiyasi ishlab chiqiladi. Bu sodda usul hozirgi emlashning asosi hisoblanadi. Bu usul yordamida o‘rta asrlarda musulmon mamlakatlarda kasallarni davolash yo‘lga qo‘yiladi. Bu virus kasalliklariga qarshi ilk vaksina hisoblanadi.

Chechakdan davolanishning bu usulini Yevropaga 1734 yilda Meri Uortli Meontegryu olib keladi. Bu usul tezda samara beradi. Shundan so‘ng ingliz shifokori Edvard Jyenner qoramoldan zardob olish usulini ishlab chiqadi. Aynan Jyenner emlashni kashf etgan inson bo‘lib tarixga kiradi. Biroq yuqorida aytilganidek, musulmonlar asrlar davomida chechakdan davolanishda hayvonlardan olingan zardoblardan foydalanib kelgan, bu usul takomilga yetkazilgan edi.

Ar-Roziy misolida musulmonlarning ilmda ham peshqadam bo‘lgani, ularning ilmiy merosi Yevropada o‘rganilganini ko‘rib o‘tdik. Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, musulmonlar zardoblar asosida virusli kasalliklarni davolash usulini ishlab chiqishgan va bu ilk vaksina hisoblanadi»,– deya yozadi B.Rasulov o‘z sahifasida.

Mavzuga oid