22:50 / 01.07.2021
10545
«Tolibon» o‘z harakatini davom ettirmoqda: Afg‘onistondagi so‘nggi vaziyat qanday?

AQSh va NATO kuchlarining Afg‘onistonni tark etish sanasi yaqinlashib borayotgan bir paytda «Tolibon» mamlakatning turli hududlariga hujum uyushtiririb, ba'zi nuqtalarni o‘z nazoratiga olishda davom etmoqda.

Foto: Reuters

So‘nggi kunlarda Afg‘onistonning shimoliy va markaziy mintaqalarida to‘qnashuvlar kuchaygani bildirildi.

Mutaxassislarning fikricha, toliblar o‘z ta'sir doiralari kuchli bo‘lgan janubdan tashqariga chiqib, mamlakatning boshqa hududlarida ham hukmronlik o‘rnatishga intilmoqda.

Afg‘onistonning markazida joylashgan va to‘qnashuvlar u qadar qizg‘in bo‘lmagan Bomiyon viloyati politsiyasi vakili Humoyun Elxani «Tolibon» ba'zi nazorat punktlariga hujum qilgani va tun bo‘yi shiddatli to‘qnashuvlar sodir bo‘lganini ma'lum qildi.

Reuters axborot agentligi mamlakatning markaziy qismidagi yana bir viloyat – G‘aznidagi Mukur mintaqasi «Tolibon» nazorati ostida ekanligini e'lon qildi.

Qayd etish joiz, toliblar Mukurni bir necha oydan beri qamal qilib kelayotgandi. G‘azni viloyati sog‘liqni saqlash direktori Zohir Shoh Nekmal dushanba kuni ertalab Mukur shahridagi sog‘liqni saqlash markazi bombardimon qilingani va beshta tibbiyot xodimi jarohat olganini ma'lum qildi.

«Tolibon»ning Afg‘oniston shimolidagi Badaxshon viloyatiga qilgan hujumi esa xavfsizlik kuchlari tomonidan qaytarilgani haqida xabar berildi.

Shuningdek, toliblar o‘tgan hafta egallab olingan Tojikiston chegarasidagi o‘ta muhim Sherxon-Bandar chegara punktini nazorat qilmoqda.

Afg‘oniston Savdo va investitsiyalar palatasi raisi Shafiqulloh Otoyining aytishicha, «Tolibon» chegara darvozasi uchun o‘z vakillarini mas'ul qilib tayinlagan, ammo hozirgi paytda ikki davlat o‘rtasidagi savdo to‘xtagan.

«Tolibon»: Sherxon-Bandar chegara postini boshqarish uchun mas'ul tayinladik

«Tolibon» matbuot kotibi ham chegara darvozasi ma'muriyatiga mas'ul shaxslar tayinlagani va bu darvoza odamlarning kirib-chiqishi uchun ochiq bo‘lishini e'lon qildi.

Milliy yarashuv oliy kengashi raisi Abdulloh Abdullohning aytishicha, so‘nggi paytlarda toliblarning hujumlari soni ortib borayotgani jamoatchilikda jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.

«Men barcha siyosatchilar va mahalliy ma'murlarni xavfsizlik kuchlarini qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman. Toliblar hokimiyatga kuch bilan kelmaydi», dedi Abdulloh.

Shuningdek, Afg‘oniston Mudofaa vazirligi «Tolibon»ga qarshi ko‘plab havo hujumlari uyushtirilganligi va buning natijasida tashkilot katta yo‘qotishlarga duch kelganini ma'lum qildi.

BBC monitoring xizmatining ma'lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston matbuotidagi so‘nggi izohlardan bilish mumkinki, toliblar hujumining ortishi ortida AQSh o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketganidan so‘ng hukumatning qulashi haqidagi mish-mishlar va bunga bog‘langan umidlar turibdi.

AQSh 11 sentabr xurujlarining 20 yilligiga kelib mamlakatni tark etmoqda

AQSh va NATOdagi ittifoqchilari qariyb 20 yildan beri Afg‘onistonda qo‘shin saqlamoqda. Bayden 1 maydan boshlangan chiqish jarayonini Nyu-Yorkdagi Jahon savdo markazi binolariga va Vashingtondagi Pentagonga qilingan hujumlarning 20 yilligiga qadar, ya'ni 2021 yilning 11 sentabrigacha yakunlashni maqsad qilgan.

AQSh 2001 yilda taxminan 3 ming kishining hayotdan ko‘z yumishiga sababchi bo‘lgan terroristik hujumlarda «Al-Qoida» tashkiloti va uning yetakchisi Usama bin Lodinni ayblab, Afg‘onistonda avvaliga havo, keyinchalik esa quruqlik operatsiyasini boshlagandi.

20 yildan so‘ng mamlakatni tark etish jarayoni boshlangan ushbu davrda kun tartibidagi eng muhim masala Kobul kabi muhim nuqtalar, umuman, Afg‘oniston xavfsizligi bo‘lib turibdi. «Tolibon» esa hanuz Afg‘onistonda ta'sirga ega kuch bo‘lib qolmoqda. 

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top