18:59 / 02.07.2021
872
Bo‘stonliqda 80 sotix yerni 450 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida 80 sotix yerni 450 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangan. Bu haqda IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xabar bermoqda.

Xabarda yozilishicha, 2021 yil 1 iyul kuni IIVga N.M. ariza bilan murojaat qilib, unda Sh.S.ga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Ma'lum qilinishicha, Sh.S. N.M.ga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali Bo‘stonliq tumani, Chorbog‘ qo‘rg‘oni, «Bochka» turistik hudud atrofidan dam olish maskani qurish uchun mo‘ljallangan 80 sotix bo‘sh yer maydonining kadastr hujjatlarini tayyorlab, 450 ming AQSh dollariga sotishini aytgan. So‘ng, N.M.dan bo‘nak (avans) sifatida 20 ming dollar berishini talab qilgan.

Qayd etilishicha, mazkur arizaga asosan, shu kuni IIV JQBB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent viloyati boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida, Sh.S. Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani, Ugam olma bog‘i ko‘chasi 82-uyda joylashgan dala hovlida ariza muallifidan 20 ming dollarni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan, 1 iyul kuni Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Bo‘stonliq tumani bo‘limi tomonidan fuqaro Sh.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 28,211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Jinoyat protsessual kodeksning 224-moddasi tartibida ushlangan. Hozirda jinoiy ish yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top