09:45 / 03.07.2021
378
Samarqandda 1000 quti aksiz markasi bo‘lmagan sigaretni sotmoqchi bo‘lganlar ushlandi

Samarqand shahrida 1000 quti aksiz markasi bo‘lmagan sigaretni sotmoqchi bo‘lganlar ushlangan. Bu haqda viloyat Bojxona boshqarmasi axborot xizmati Kun.uz’ga xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Samarqand viloyati Bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish va bojxona auditi bo‘limi tomonidan viloyat hududida tamaki mahsulotlari noqonuniy oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarni aniqlash maqsadida oldindan olingan ma'lumotga asosan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tezkor tadbir davomida Samarqand shahri Cho‘lpon ko‘chasida fuqaro N.N. tadbir ishtirokchilariga ikkita katta hajmdagi qutilarda jami 1 000 quti (pachka) tamaki mahsulotini sotmoqchi bo‘lganida to‘xtatib qolingan.

Dastlabki surishtiruvda fuqaro N.N.ga tegishli bo‘lgan tamaki mahsulotlari O‘zbekiston Respublikasi aksiz markalari bilan markalanmagan, jami qiymati 10 million 500 ming so‘mlik «Milano» hamda «Mond» nomli tamaki mahsulotlari ekani ma'lum bo‘lgan.

Qayd etilishicha, hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Top