Jamiyat | 17:27 / 08.07.2021
9582
2 daqiqa o‘qiladi

Uyda o‘tirib ham pul topish mumkin – Gulistonlik oyoq kiyimlari to‘quvchi hunarmand

Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida istiqomat qiluvchi Hilola Egamberdiyeva bu hunar bilan bolaligidan shug‘ullanib keladi. Ushbu hunarni o‘rganishiga maktabda, mehnat darsidan olgan 2 bahosi turtki bo‘lgan. Hozirda bolalar va kattalar uchun kiyimlar, oyoq kiyimlari to‘qiydi.

«To‘quvchilik bilan 5-sinfdan beri shug‘ullanaman. To‘qishni o‘rganishimga sabab, mehnat darsida o‘qituvchimiz bergan vazifani e'tiborsizlik qilib, bajarmaganim uchun kundaligimga 2 qo‘yib bergan edi. Avval doim a'lo bahoga o‘qiganligim uchunmi, bu qattiq ta'sir qildi. Keyingi darsimizda to‘qish mavzusida harakat qilganim uchun besh baho qo‘ydilar. Shu voqea sabab bo‘lib ushbu hunarni o‘rganganman. Hozirda doimiy ravishda shug‘ullanaman. To‘quvchilik orqali daromad ham olyapman. O‘qituvchimdan menga ikki baho qo‘ygani uchun xursandman. Chunki ular sababli men shunday darajaga yetishdim», deydi Hilola Egamberdiyeva.

Buyurtmaga qarab turli xil oyoq kiyimlari to‘qiladi. Bir juft oyoq kiyimini to‘qish uchun 2 kun vaqt sarflanadi. Har bir to‘qilgan oyoq kiyimi kamida 3-4 yil xizmat qiladi. Chunki faqatgina taglik qism va ipdan foydalaniladi. Oyoq kiyimini tayyorlash uchun dastlab taglik qismini olib, aylanasiga qavib chiqiladi. So‘ngra uning ustidan to‘qib ketiladi.

«Hozirgi kungacha mingdan ortiq shogird tayyorladim. 2020 yilda Sardoba suv omborida yuz bergan talofatdan so‘ng, ushbu hududlarda istiqomat qilayotgan ishsiz va tushkun kayfiyatdagi ayollarga to‘qishni o‘rgatish uchun meni ham taklif qilishdi. Ikki oy davomida ham o‘rganib, ham o‘zlari uchun kiyimlar, oyoq kiyimlari to‘qiganlaridan so‘ng shu hunar orqali daromad olishlari mumkinligini ham tushunishdi. Chunki ko‘pchilik ayollar faqatgina ko‘chada ishlab pul topish mumkin deb o‘ylashadi», - deydi hunarmand.

 Shuningdek, tayyor mahsulotlardan turli festivallar va hunarmandchilik ko‘rgazmalarida xorijliklarga ham sotiladi.

Shuhrat Yunusov, Kun.uz muxbiri.
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid