15:41 / 13.07.2021
5203

“Ekilgan daraxt ko‘chatlaridan qanchasi qurib qolganini bilmaymiz” - Ekologiya qo‘mitasi

Toshkentda ekilgan daraxtlarning yashab qolish ko‘rsatkichi 30-40 foizdan ham pasayib ketgani haqidagi ma'lumot taxminiy hisob-kitob bo‘lgan. Bu haqda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Aziz Kalimbetov ma'lum qildi.

Avvalroq, Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Farhod Dehqonov shaharda ekilgan daraxtlarning yashab qolish ko‘rsatkichi 30-40 foizdan ham pasayib ketgani haqida Kun.uz'ga ma'lum qilgan edi.

“2021 yilda poytaxtda 110 ming daraxt ekilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, shundan hozirga qadar 75 mingtasi ekib bo‘lingan. Ammo daraxtlarni ekishda joy tanlashda birmuncha xatolarimiz bor. Ekilgan daraxtlar ko‘karishi uchun sug‘orish tizimlarining yo‘qligi sabab ularning 30-40 foizdan ham kam qismi yashab keta oladi”, – degan edi Farhod Dehqonov.

Biroq, Ekoqo‘m boshqarma boshlig‘i Aziz Kalimbetov 8 iyul kungi matbuot anjumanida bu ma'lumot taxminiy hisob-kitoblarga asosan berilganini bildirdi.

“Ekilgan qancha daraxt ko‘chatlari qurib qolgani haqida aniq ma'lumotlarimiz yo‘q. 30-40 foiz daraxt ko‘chatlari yashab ketishi aytilgan javob taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra aytilgan. Bu bo‘yicha yil yakuniga qadar tahlillar olib borilib, hisobotlar ishlab chiqiladi.

Ayni paytda buni tartibga solish mexanizmi ustida ishlayapmiz. Unga ko‘ra, daraxt ko‘chatlarini ekish uchun mos joy, ularni sug‘orish uchun tizimning mavjudligi o‘rganiladi. Har bir viloyatda 50 gektar yer daraxt ekish uchun ajratiladi. 2021 yil yakunida biz ularning qanchasi ko‘kargani va qanchasi qurigani haqida ma'lumot beramiz”, – dedi Aziz Kalimbetov.

Top