Kun.uz ro‘y berayotgan bu jarayonlar haqida ekofaol, arxitektor, gidrometeorolog va xalqaro mutaxassis fikri bilan qiziqdi.

“Soya beruvchi daraxtlar – zanjirning muhim qismi”

Temurbek Ahmedov, xalqaro ekspert:

— Harorat ko‘tarilganda binolarda konditsionerlar yoqiladi. Konditsionerlar ishlashi uchun elektr energiyasi kerak. Buning uchun elektrostansiya ishlashi kerak. Elektrostansiyada elektr ishlab chiqarish uchun esa ko‘mir yoki gaz yoqiladi. Ya'ni buning hammasi – bir-biriga ulangan zanjir.

Harorat ko‘tarilgach, mashinalar ham konditsionerni yoqadi. Natijada ko‘proq benzin yoqiladi. Bu – havo sifati yomonlashishiga olib keladi...

Agar daraxtlar bo‘lsa, ular soya beradi. Soya esa haroratni tushiradi. Temperatura pasaysa, demak, konditsionerni sal kamroq ishlatasiz.

Bino yonida daraxt tursa, u 10-20 foiz kamroq elektr ishlatishi mumkin.

“Sog‘lom daraxtni kesish uchun uni atayin kasal qilishgacha borishyapti”

Nargis Qosimova, ekofaol:

— Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, inson erkin nafas olishi, kayfiyati yaxshi bo‘lishi, umuman olganda normal hayot kechirishi uchun 60 kv.m. yashillik kerak. Bu faqatgina daraxtlar emas, balki butalar, maysazor bo‘lishi ham mumkin. Nima uchun butalar? Chunki katta yo‘lning chetiga ekilgan butalar avtomobillar shovqinini kamaytiradi, avtomobildan chiqadigan is gazi va boshqa zararli moddalarni o‘zida ushlab qoladi.

Hozirgi kunda archa (mojjyevelnik) ko‘p ekilyapti. Ammo issiq iqlimli mamlakat bo‘lganimiz sabab sathi keng bargli daraxtlar ko‘proq bo‘lishi kerak. Bunday daraxtlar soya beradi, changni, zaharli moddalarni o‘zida ushlab qoladi.

Archalarni, birinchidan, doimiy sug‘orib turish kerak, issiqqa chidamaydi; ikkinchidan, ular – ignabargli daraxt, ya'ni ularga qush qo‘na olmaydi, in ham qura olmaydi. Bu degani shaharda yashayotgan hayvonot dunyosi yo‘qotilishiga o‘zimiz zamin yaratib beryapmiz.