19:47 / 15.07.2021
13648
Bojxona qoidalari: O‘zbekistonga dron olib kirish

O‘zbekiston Respublikasiga uchuvchisiz uchar qurilmalar, ya'ni dronlarni olib kirish, ulardan foydalanish, sotish va sotib olish – jinoyat. Buning uchun 10 yilgacha muddatga qamashlari mumkin.

Albatta, qonunchilikda jazodan qutulib qolish imkoni ham taqdim etilgan. Bunda fuqaro qurilmasini o‘z ixtiyori bilan mutasaddi idoralarga topshirishi lozim bo‘ladi.

Shu bilan birga, istisno holatlari va dronlarni vaqtincha olib kirish tushunchasi ham mavjud.

Kun.uz'ning “Bojxona qoidalari” ko‘rsatuvi navbatdagi sonida dronlarni O‘zbekistonga vaqtincha yoki doimiy olib kirish tartibi haqida so‘z boradi. Mavzu yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi katta inspektori Aminjon Mahmudov ma'lumot berdi.

“Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 26 noyabrdagi 322-sonli qarori qabul qilingan. Unga ko‘ra, uchuvchisiz uchish moslamalari, ya'ni dronlarni olib kirish tartibga solingan.

Dronlarni O‘zbekiston hududiga olib kirish, realizatsiya qilish va undan foydalanish taqiqlangan. Lekin, istisno holatlari ham mavjud.

Masalan, “Geoinnovatsiya markazi” DUK tomonidan yer resurslari, geodeziya, kadastr, rel'yeflarni tasvirga olish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha bu qurilmalarni respublikaga olib kirishga ruxsat berilgan. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining alohida qarorlarida bu kabi moslamalardan foydalanishga ruxsat beriladi.

Shuningdek, bojxona amaliyotida vaqtincha olib kirish degan termin ham mavjud. Bu holatda dronlar olib kiriladi va ma'lum bir maqsadda foydalanilgandan so‘ng, qaytarib olib chiqib ketiladi.

Quyidagi tashkilotlarga istisno tariqasida dronlarni vaqtincha olib kirishga ruxsat berilgan:

  • Turizm va sport vazirligi;
  • Kinemotografiya agentligi;
  • Madaniyat vazirligi.

Ushbu vazirlik va tashkilotlar tomonidan ma'lum hududlarda film olish yoki tarixiy obidalarni tasvirga tushirish maqsadida vaqtinchalik olib kirishga ruxsat berilgan. Ammo bunda ba'zi bir shartlar bor.

Mudofaa vazirligi hamda aviaxavfsizlik bo‘yicha qo‘mitani ogohlantirgan holda, ushbu idoralarga dronlar kim tomonidan olib kelinishi, qayerda foydalanilishi va unga javobgar shaxslar bo‘yicha ma'lumotlar taqdim etiladi.

Dronlarni olib kiruvchi shaxslar ularga shaxsan javobgar hisoblanadi. Bunda vakolatli organlar – IIV, DSQ, DBQ, DXX va boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan uni nazorat qilish belgilab berilgan.

Davlat bojxona qo‘mitasi katta inspektori Aminjon Mahmudov

Shuningdek, 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi qonuni bilan Jinoyat kodeksiga 2444-moddasi qo‘shilib, unga asosan ruxsat etilmagan holatda dronlarni o‘tkazish, olib kirish, saqlash, foydalanish uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.

O‘tgan davr mobaynida dronlarni olib kirish bilan bog‘liq bojxona statistikasiga e'tibor bersak, 2020 yilda 11ta dron noqonuniy olib o‘tilishda ushlab qolingan. Joriy yil 5 oyi mobaynida 9ta dron ushlab qolingan va belgilangan tartibda protsessual harakatlar olib borilmoqda.

To‘plangan ma'lumotlar sud organlariga taqdim etiladi va sud tomonidan qonunchilik asosida tegishli hukm chiqaradi. Qolaversa, ushlab qolingan dronlar olib qo‘yiladi va sud qaroriga ko‘ra musodara qilinadi.

Ko‘pchilik fuqarolar xorijga safar qilib O‘zbekistonga qaytganda o‘yinchoq sifatida, farzandlariga ko‘ngilochar o‘yinchoq tarzida dron olib kelishi holatlari kuzatilib turadi. Yana bir bor eslatish joizki, O‘zbekistonda dronlarning har qanday turini olib kirish taqiqlangan, qonunni bilmaslik esa, jazodan ozod qilmaydi”, – deydi Aminjon Mahmudov.

Tolib Rahmatov tayyorladi.

Top