18:31 / 23.07.2021
1820
Surxondaryoda haydovchiga noto‘g‘ri bayonnoma tuzgan YPX xodimiga chora ko‘rildi
Foto: KUN.UZ

Surxondaryoda haydovchiga noto‘g‘ri bayonnoma tuzgan YPX xodimiga chora ko‘rilgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB tomonidan e'lon qilingan munosabatda ma'lum qilingan.

Munosabatda yozilishicha, joriy yil 5 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda «Surxondaryoda YPX inspektori haydovchiga noto‘g‘ri bayonnoma rasmiylashtirdi» sarlavhali videomaterial tarqalgan. Unda keltirilishicha, YPX inspektori tomonidan davlat raqami 75 T 380 BA bo‘lgan «Jiguli» rusumli mashina haydovchisi M.Sh.ga nisbatan MJtKning 125-moddasi 3-qismi bilan «tegishli ruxsatnomasiz qayta jihozlanish» deb bayonnoma rasmiylashtirgani jamoatchilik o‘rtasida ko‘plab e'tirozlarga sabab bo‘lgan. Shu sababli, viloyat IIB YHXB mas'ul xodimlari tomonidan holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan.

Xizmat tekshiruviga ko‘ra, «Jiguli» haydovchisi M.Sh.ga nisbatan rasmiylashtirilgan ma'muriy bayonnoma MJtKning 271-moddasi 1-qismiga binoan ma'muriy ish harakatdan tugatilgan. Shuningdek, YPX xodimi «Avtomototransport vositasi konstruksiyasini va (yoki) uning qismini o‘zgartirish bilan bog‘liq faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik haqida xabarnomani taqdim etish va avtomototransport vositasini qayta jihozlashga ruxsatnoma berish tartibi to‘g‘risidagi nizomiga asosan ish tutmagani aniqlangan.

Qayd etilishicha, fuqarolar o‘rtasida IIO xodimlariga bo‘lgan ishonchsizlik hissi kelib chiqishiga sabab bo‘lganligi, bu harakati natijasida ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab e'tirozlar yuzaga kelganligi uchun, Surxondaryo viloyat IIB YHXB YPX otryadi 2-safarbar guruh YPX inspektori kichik serjant S.U.ga nisbatan «Hayfsan» intizomiy jazosi e'lon qilingan.

«Bu kabi salbiy holatlar kelgusida takroran sodir bo‘lmasligi maqsadida YHXB rahbariyati tomonidan barcha mas'ul xodimlar ishtirokida tanqidiy muhokama qilinib, shaxsiy tarkib xodimlarining bilim-saviyasini oshirish uchun qo‘shimcha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilishi bo‘yicha qaror qabul qilindi», deyiladi munosabatda.

Top