11:24 / 25.07.2021
3311
O‘zbekistonda bir kunda 200 mingdan ortiq vaksina qo‘llandi, vaksinatsiya bilan qamrab olingan aholi soni 4 milliondan oshdi

O‘zbekistonda 24 iyul kuni koronavirusga qarshi 209 137 doza vaksina qo‘llandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berishicha, shundan 146 648 doza birinchi bosqichda, 41 475 doza ikkinchi bosqichda va 21 014 doza uchinchi bosqichda qo‘llangan.

Ayni kungacha O‘zbekistonda jami 6 338 889 doza vaksinadan foydalanilgan bo‘lib, ularning 1 648 246 tasi ikkinchi dozada va 634 976 tasi uchinchi dozada qo‘llanilgan. Emlash jarayoniga qamrab olingan jami aholi soni 4 055 667 nafarni, shu kungacha koronavirusga qarshi to‘liq emlab bo‘linganlar soni esa 1 077 470 nafarni tashkil qilmoqda.

SSV ma'lumotlariga ko‘ra, 24 iyul kunidagi emlash ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori o‘rinlarni Farg‘ona viloyati (36 012 doza), Namangan viloyati (28 135 doza) va Andijon viloyati (20 865 doza) band qilgan. Jami emlashlar soni bo‘yicha ham vodiy viloyatlari peshqadam: Namangan viloyatida 841 982 doza, Farg‘ona viloyatida 827 122 doza, Andijon viloyatida 704 061 doza. Shuningdek, Samarqand viloyatida hozirgacha 589 957 doza vaksina qo‘llanilgan.

17 iyul kuni O‘zbekistonda koronavirusga qarshi to‘liq emlanganlar soni 1 million kishidan oshgandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top