18:42 / 02.08.2021
1854

Surxondaryoda haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan shaxs boshqargan «Jiguli» 3ta mashina bilan to‘qnashdi. Bir yo‘lovchi vafot etdi

Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanida haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan shaxs o‘ziga tegishli bo‘lmagan «Jiguli» mashinasini boshqarib, 3ta mashina bilan to‘qnashuv sodir etdi. Bir yo‘lovchi vafot etdi. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 1 avgust kuni M41 Bishkek-Dushanbe-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Jarqo‘rg‘on tumani hududidan o‘tuvchi 1573-kilometrida 4 ta mashina ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.

Hali haydovchilik guvohnomasini olmagan shaxs birovga tegishli «Jiguli» mashinasini boshqarib ketayotib, quvib o‘tish uchun qarama-qarshi yo‘nalishga chiqqan. So‘ng boshqaruvni yo‘qotib, avval «Kobalt»ga, keyin «Damas» va boshqa bir «Kobalt»ga urilgan. Oqibatda, «Jiguli» eng oxirida to‘qnashgan «Kobalt»da yo‘lovchi sifatida ketayotgan shaxs og‘ir tan jarohatlari olib hodisa joyida vafot etgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, «Jiguli» boshqarib ketayotgan shaxs ro‘paradan kelayotgan mashinalar bilan oraliq masofani inobatga olmasdan quvib o‘tish uchun qarama-qarshi yo‘nalishga chiqqan. Bundan tashqari, u belgilangan me'yordan ortiq tezlikda harakatlangan.

Qayd etilishicha, mazkur hodisa yuzasidan Jarqo‘rg‘on tumani IIB YHXB tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.

Top