15:12 / 03.08.2021
30280
Bu safar qizil «Malibu». YPX xodimi «yuqoridan telefon» tufayli qoidabuzar ayolni qo‘yib yubordi

«Yuqoridan berilgan» buyruq tufayli yana bir YPX xodimi qoidabuzar haydovchini qo‘yib yubordi.

«Toshkent» telekanalida efirga uzatilgan «Poytaxt yo‘llarida» ko‘rsatuvida yana bir marta YPX xodimiga «yuqori»dan telefon bo‘lgan holat namoyish etildi. Videoda YPX xodimi qizil rangdagi Malibu-2 avtomobilini haydovchi harakat vaqtida telefondan foydalangani uchun to‘xtatgan. Inspektor haydovchiga holat bo‘yicha ma'muriy bayonnoma tuzilishini bildiradi. Haydovchi esa qoida buzmaganini, hozirgacha 25 marta radar uchun jarima to‘laganini aytib, bayonnoma tuzilishiga e'tiroz bildiradi.

Oradan bir muddat o‘tib, haydovchi ayol telefonni YPX xodimiga tutqazadi. YPX xodimi haydovchidan telefonda gaplashmoqchi bo‘lgan odam kimligini so‘raydi. Haydovchi uni «Abdurasul aka» deb tanishtiradi. YPX xodimi «labbay, xo‘jayin» deb boshlagan suhbati davomida o‘zini Baxtiyor Abdujalilov deb tanishtiradi. Telefonda sirli suhbatdosh bilan gaplashish jarayonida YPX xodimining shashti pasayadi va haydovchi ayoldan bolasi kasal ekanini nega ertaroq aytmaganini so‘raydi. Telefon bo‘lishidan oldin jarima rasmiylashtirmoqchi bo‘lgan YPX xodimi yakunda haydovchiga ogohlantirish berish bilan cheklanadi.

Avvalroq, Olmaliqda ham YPX xodimi «yuqoridan kelgan» buyruq bilan qoidabuzar haydovchini qo‘yib yuborishga majbur bo‘lgandi. 
Keyinroq, voqea 28 iyul kuni Olmaliq shahrida bo‘lgani, YPX xodimi «O‘zbektemiryo‘lmashta'mir» unitar korxonasiga tegishli bo‘lgan avtomobilni haydovchi harakat vaqtida xavfsizlik kamaridan foydalanmagani uchun to‘xtatgani ma'lum bo‘ldi. Toshkent viloyati IIB matbuot xizmati haydovchiga nisbatan MJtKning 125-moddasi 1-qismga (xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalarini buzish) asosan bayonnoma rasmiylashtirilgani, qoidabuzarni qo‘yib yuborishni buyurgan komandirga chora ko‘rilganini ma'lum qilgandi.

Top