Iqtisodiyot | 19:13 / 09.08.2021
14796
3 daqiqa o‘qiladi

Iste'molchilar huquqlari eng ko‘p buzilayotgan soha ma'lum bo‘ldi

Iste'molchilardan kelib tushgan murojaatlarning yarmi – uy-joy kommunal va transport xizmatlariga to‘g‘ri kelmoqda.

2021 yilning 1-yarim yilligi davomida Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga jami 15 609 murojaat kelib tushgan va murojaatlarning yarmidan ko‘pi uy-joy kommunal va transport xizmatlariga to‘g‘ri keladi.

Bu haqda agentlik axborot xizmati rahbari Mohruxsor Tog‘oyeva ma'lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Iste'molchilardan kelib tushgan murojaatlarning

  • 52,5 foizi uy-joy kommunal, transport xizmatlari;
  • 20,5 foizi savdo va umumiy ovqatlanish xizmatlari;
  • 13,6 foizi aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlar;
  • 13,4 foizi reklama munosabatlari va boshqa masalalarga to‘g‘ri keladi.

“Ko‘rib chiqilgan murojaatlarning 77 foizi qanoatlantirildi, 20 foiziga tegishli tushuntirishlar berildi va 3 foizi vakolatli idoralarga yuborildi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 6 oyida 5,7 millionga yaqin iste'molchilarning huquq va manfaatlari buzilgan, shundan ularga yetkazilgan zarar miqdori 130 mlrd 200 mln so‘mni tashkil etdi. Iste'molchilar foydasiga 78 mlrd so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilindi.

Tahlillarga ko‘ra, 604 ming xonadonga suyultirilgan gaz yetkazib berilmagan. Natijada, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun aholidan 4 mlrd so‘mdan ortiq  to‘lov undirildi. Belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, iste'molchilarga 7 mlrd so‘mdan ortiq pul mablag‘lari qayta hisob-kitob qilindi.

Bundan tashqari, iste'molchilardan 30 mlrd so‘mga yaqin ichimlik suvi uchun ortiqcha to‘lov undirilgan. Shundan Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari bo‘yicha aholiga 9,7 mlrd so‘m mablag‘ qayta hisoblangan”, – dedi Tog‘oyeva AOKAdagi brifingda.

Agentlik matbuot xizmatiga ko‘ra, lizing yoki ijara shartnomasi asosida avtomobil sotib olish borasida ko‘plab murojaatlar kelib tushayotgani bois o‘rganish olib borilgan. Ma'lum qilinishicha, o‘tgan yil va 2021 yilning 6 oyida jabr ko‘rgan iste'molchilardan respublika miqyosida 1290ta murojaat kelib tushgan, 10 mlrd so‘m mablag‘ aholiga qaytarilgan.

Mavzuga oid