08:40 / 13.08.2021
4470
Onlayn-auksionlar orqali 168 mlrd so‘mlik «chiroyli» avtoraqamlar sotildi 
Foto: KUN.UZ

Joriy yil o‘tgan davrda onlayn-auksionlar orqali 168,7 mlrd so‘mlik 83,2 mingdan ziyod “chiroyli” avtoraqamlar sotildi. Bu haqda AOKAda Respublika tovar-xomashyo birjasi mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 7 oylik yakunlariga ko‘ra birja savdolari orqali 12,6 ming tonna polivinilxlorid, 1 225 tonna formalin va 224 kilogramm kumush sotildi.

Birja barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2020 yil mos davriga nisbatan 46,7 foizga o‘sib, qariyb 46,0 trln so‘mni tashkil qildi. Bunda tuzilgan bitimlar hajmining 87 foizi birja savdolariga, qolgan qismi esa elektron tijorat savdo tizimlari, shu jumladan, ko‘rgazma-yarmarka savdolari, elektron davlat xaridlari, avtoraqam va mobil raqam onlayn auksionlariga to‘g‘ri keldi.

Ko‘rib chiqilayotgan davrda avtoraqam.uzex.uz vebsaytida onlayn-auksionlar orqali 168,7 mlrd so‘mlik 83,2 mingdan ziyod “chiroyli” avtoraqamlar sotildi. Bunda, avtoraqamlarning sotuvi son jihatdan 2,4 barobarga, hajmi bo‘yicha – 42 foizga o‘sdi. 

Sotilgan avtoraqamning eng past bahosi – 450,5 ming so‘mni, eng qimmat avtoraqamning qiymati esa 441,5 mln so‘mni tashkil qildi. Tuzilgan bitta bitimning o‘rtacha qiymati 2,0 mln so‘mga teng bo‘ldi.

Mavzuga oid
Top