10:45 / 21.08.2021
13514

«Bayden Afg‘onistondagi vaziyat uchun amerikaliklardan kechirim so‘rashi kerak» - Donald Tramp

Donald Tramp Afg‘onistondan fuqarolarni qutqarishdan avval harbiylarni olib chiqqani hamda «Tolibon» qo‘liga 85 mlrd dollar qiymatidagi qurollar tushib qolishiga sababchi bo‘lgani uchun Jo Baydenni keskin tanqid qildi.

Foto: Reuters

AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning fikricha, Afg‘onistondagi vaziyat tufayli amaldagi rahbar Jo Bayden Amerika xalqi oldida kechirim so‘rashi kerak.

«Afg‘onistondan fuqarolarni qutqarishdan avval harbiylarni olib chiqqani hamda «Tolibon» qo‘liga 85 mlrd dollar qiymatidagi qurollar tushib qolishiga sababchi bo‘lgani uchun Jo Bayden Amerika xalqi oldida kechirim so‘rashi kerak», — deb bayonot berdi Tramp.

Trampning ta'kidlashicha, uning boshqaruvida amerikalik qo‘shinlarni olib chiqish falokatga aylanmagan bo‘lardi.

Avvalroq, Tramp Fox News telekanalida Bayden boshchiligidagi Qo‘shma Shtatlar qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqib ketishi «AQSh uchun eng katta xo‘rlik» ekanini aytgandi.

Ma'lumot uchun, «Tolibon» 15 avgust kuni Kobulga jangsiz kirgan va bir necha soat ichida to‘liq nazoratni o‘rnatgan. Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani qon to‘kilishining oldini olish uchun mamlakatni tark etgan hamda konstitutsiyaga ko‘ra Amrulla Solih rahbar vazifasini bajaruvchiga aylangan. Ayni paytda ko‘plab G‘arb davlatlari o‘z fuqarolari va elchixona xodimlarini Afg‘onistondan evakuatsiya qilmoqda.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top