20:05 / 23.08.2021
15777

KXShT O‘zbekiston bilan hamkorlikka tayyorligini bildirdi

“Biz O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyormiz, bunday hamkorlik amalga oshirilmoqda. O‘zbek harbiylari ayrim tadbirlarimizda, birinchi navbatda mashg‘ulotlarimizda qatnashmoqda. Bu tajriba almashish nuqtayi nazaridan foydali”, – dedi KXShT bosh kotibi Stanislav Zas.

Foto: RIA Novosti

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyor, ammo uning bu tuzilmaga qaytishi mamlakat xalqi va rahbariyatiga bog‘liq, dedi KXShT bosh kotibi Stanislav Zas.

“Biz O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyormiz, bunday hamkorlik amalga oshirilmoqda. O‘zbek harbiylari ayrim tadbirlarimizda, birinchi navbatda mashg‘ulotlarimizda qatnashmoqda. Bu tajriba almashish nuqtayi nazaridan foydali. Ammo O‘zbekistonning tashkilot tarkibiga qaytishi, eng avvalo, o‘zbek xalqi va mamlakat rahbariyati irodasiga bog‘liq”, – dedi u.

Shuningdek, Zas bugun KXShT davlat rahbarlarining videoanjuman shaklida o‘tgan navbatdan tashqari sessiyasida mehmon sifatida ishtirok etgani uchun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.

Avvalroq prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistondagi voqealarga bag‘ishlangan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammitida mehmon sifatida ishtirok etishini ma'lum qilgandi.

KXShT – xavfsizlik masalalari bo‘yicha xalqaro tashkilot. Unga Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston , Qirg‘iziston va Tojikiston kiradi. Kollektiv xavfsizlik shartnomasi 1992 yilda Toshkentda imzolangan.

Top