15:07 / 04.09.2021
22458
Kobuldan Germaniyaga olib kelingan afg‘onistonliklar orasida jinoyatchilar ham borligi ma'lum bo‘ldi

Kobuldan evakuatsiya qilingan to‘rt kishi bir necha yil avval Germaniyadan deportatsiya qilingani ma'lum bo‘lgan. Bundan tashqari, bir necha kishining ismi Germaniya terrorizmga qarshi kurashish markazi ro‘yxatidan chiqqan.

Kobuldan Germaniyaga nafaqat yordamga muhtoj kishilar, balki jinoyatchilar ham olib kelingan. Bu haqda Germaniya ichki ishlar vazirligi ma'lum qildi.

Hozirga qadar 20 nafar huquqbuzar aniqlandi, dedi Germaniya ichki ishlar vaziri Horst Zeyehofer. Uning so‘zlariga ko‘ra, Germaniyaga kelganlar orasida zo‘ravonligi uchun sudlanganlar, soxta hujjatlar tayyorlaganlar bor.

Kobuldan evakuatsiya qilingan to‘rt kishi bir necha yil avval Germaniyadan deportatsiya qilingani ma'lum bo‘lgan. Bundan tashqari, bir necha kishining ismi Germaniya terrorizmga qarshi kurashish markazi ro‘yxatidan chiqqan. Yana ikki kishi hibsga olish to‘g‘risidagi orderga muvofiq qamoqqa olingan. 

Jinoyatchilar yuzaga kelgan "favqulodda vaziyat"dan foydalanib qolgan, dedi Zeyehofer.

Ma'lumot berilishicha, Afg‘onistondan Germaniyaga hammasi bo‘lib 4587 kishi, jumladan, 3849 nafar Afg‘oniston va 403 nafar Germaniya fuqarosi olib kelingan. Qolganlar boshqa davlat fuqarolari bo‘lgan.

AQShda ham Kobuldan olib kelinganlarga nisbatan gumonlar paydo bo‘lgan. NBC telekanalining xabar berishicha, AQShga evakuatsiya qilingan 30 ming nafar afg‘onistonlikning 10 ming nafari qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazilgan. Telekanal manbalarining so‘zlariga ko‘ra, Vashington 100ga yaqin kishini "Tolibon" yoki terrorchi guruhlar bilan aloqador deb gumon qilmoqda.

Mavzu
AQShning Afg‘onistondan ketishi
AQSh Afg‘onistonda 20 yil davom etgan harbiy kampaniyasini tamomlamoqda. Toliblar esa mamlakat hududlarini birin-ketin egallab olmoqda.
Barchasi
Top