16:14 / 06.09.2021
1004
Urgutda YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay qochib ketgan haydovchiga chora ko‘rildi

Samarqand viloyati Urgut tumanida yo‘l-patrul xizmati xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay qochib ketgan haydovchiga chora ko‘rilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 28 avgust kuni soat 17:40larda, Samarqand viloyati, Urgut tumani, Navoiy shohko‘chasida YPX xodimi K.Rashidov tomonidan «Damas» mashinasi haydovchisiga to‘xtash ishorasi ko‘rsatilgan. Ammo haydovchi YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan harakatda davom etgan.

Shundan so‘ng YPX xodimi va ushbu joyda xizmat olib borayotgan IIB sohaviy xizmatlari xodimlari boshqa bir «Damas» mashinasida bo‘ysunmay ketgan haydovchini kuzatib borgan. Haydovchi to‘xtagandan keyin xodimlar tomonidan bo‘ysunmaslik holatini bartaraf qilish choralari ko‘rilgan.

Qayd etilishicha, YPX xodimi tomonidan me'yoriy hujjatlari taqdim qilinishi so‘ralganda, tumanning G‘o‘s qishlog‘ida yashovchi haydovchi hujjatlarini taqdim eta olmagan. Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan tegishli tartibda bayonnoma va boshqa hujjatlar rasmiylashtirilib, «Damas» mashinasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga qo‘yilgan.

Top