11:48 / 14.09.2021
9870
MSK Shavkat Mirziyoyev, Maqsuda Vorisova va Bahrom Abduhalimovni prezidentlikka nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdi

Bugun, 14 sentabr kuni, Toshkentdagi Simpoziumlar saroyida Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. 

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, majlisda Shavkat Mirziyoyev, Maqsuda Vorisova va Bahrom Abduhalimovni O‘zbekiston prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olish hamda prezidentlik saylovida xorijiy davlatlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish kabi masalalar ko‘rib chiqilmoqda.

Tadbirda ma'lumot berilishicha, 9-10 sentabr kunlari ushbu siyosiy partiyalar tomonidan kerakli hujjatlar va prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodlarni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari taqdim etilgan. Imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilgani esa Markaziy saylov komissiyasi Ekspertlar guruhi tomonidan tekshirib chiqilgan. 

«Ekspert guruhi a'zolari har bir imzo varaqasini vizual o‘rganish jarayonida, ularning to‘g‘ri to‘ldirilganiga, tuzatishlar kiritilganiga, o‘chirib yozilgan tuzatishlar borligiga, turli shaxslar tomonidan to‘ldirilganiga, o‘xshash imzolar borligiga, tasdiqlangan tuzatishlar borligiga va boshqalarga e'tiborini qaratdi. 

Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshiruvchi ekspert guruhining xulosasiga asosan taqdim etilgan imzo varaqalari nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun yetarli miqdorda to‘plangan va qonun talablariga mos keladi.

Shundan kelib chiqqan holda, mazkur partiyalar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar, shu jumladan prezidentlikka ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo varaqalari qonun talablariga mosligi inobatga olinib, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Vorisova Maqsuda Azizovna, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Abduhalimov Bahrom Abdurahimovich va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Mirziyoyev Shavkat Miromonovich O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar etib ro‘yxatga olindi», – dedi Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev. 

Ma'lumot uchun, saylov kodeksining 40-moddasiga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi nomzodlar ro‘yxatga olinganidan keyin besh kunlik muddatda tegishli saylov komissiyasi ro‘yxatga olinganlik to‘g‘risidagi xabarni nomzodning familiyasini, ismini, otasining ismini, tug‘ilgan yilini, partiyaga mansubligini, egallab turgan lavozimini (mashg‘ulotining turini), ish va yashash joyini, shuningdek uni nomzod etib ko‘rsatgan siyosiy partiyani ko‘rsatgan holda e'lon qiladi.

Majlis davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Unga ko‘ra, saylovda xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi MSK qaroriga muvofiq Yaponiya, Gruziya, Rossiya Federatsiyasi, Tatariston va Belarus Respublikalaridan 6 nafar xorijiy kuzatuvchi ro‘yxatdan o‘tkazildi. 

Eslatib o‘tamiz, 11 sentyabr kuni MSKning navbatdagi yig‘ilishida 5 ta masala ko‘rib chiqilgandi. Undan Alisher Qodirovni O‘zbekiston prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olish, Narzullo Oblomuradovni O‘zbekiston prezidentligiga nomzod etib ro‘yxatga olish, O‘zbekiston prezidentligiga nomzodning guvohnomasi tavsifi va namunasini tasdiqlash masalalari joy olgandi.

Mavzu
Saylov-2021
Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra saylovlar oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi belgilandi. 2021 yilgi prezidentlik saylovi 24 oktyabrga to‘g‘ri kelmoqda.
Barchasi
Top