11:34 / 15.09.2021
1637
“O‘zagrosug‘urta” ketma-ket uchinchi yil Fitch Ratings'da "BB-" reytingiga ega bo‘ldi

Bozor iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlarda sug‘urta xizmati moliya-kredit institutining strategik sektorlaridan biri hisoblanadi. Aynan sug‘urta tufayli davlat va uning fuqarolarini, ishlab chiqarish va ijtimoiy sohalarni zamonaviy jamiyatda juda ko‘p to‘qnash keladigan xavf-xatarlardan himoya qilishlari mumkin.

Mamlakat sug‘urta bozorining yetakchi ishtirokchilaridan biri “Uzinsurance” (“O‘zagrosug‘urta” AJ) mazkur yo‘nalishda faoliyat samaradorligini ta'minlash, yangi innovatsiyalarni joriy etish, nafaqat mahalliy, balki xalqaro sug‘urta bozorida ham teng raqobatga kirisha olish hamda davlat kafolatisiz xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida tarkibiy islohotlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur sa'y-harakatlarning samarasi sifatida kompaniya ketma-ket uchinchi yil “Fitch” (Fitch) xalqaro reyting agentligi tomonidan “VV–” barqaror reytingiga ega bo‘ldi. Bu haqda kompaniyaning rasmiy veb-saytida ma'lum qilindi.

“Fitch” hisobotlarida, 2020 yil yakunida “O‘zagrosug‘urta” AJ kapitalizatsiyalashuvi yetarli darajada ekanligi Solvency-I formulasi bo‘yicha to‘lov qobiliyati marjasining normativ ko‘rsatkichi 2,07x bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2019 yil oxirida 1,68x ni tashkil etgan.

Shuningdek, hisobotda kompaniyaning hayot sug‘urtasi bilan bog‘liq bo‘lmagan xizmat turlari anderraytingi (xatarlarni baholashi) daromadliligi ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, jumladan, kombinatsiyalashgan koeffitsiyenti 2020 yilda 96 foizni, 2019 yilga nisbatan (105 foiz) yaxshi tarafga o‘zgarganligi qayd etilib, buning asosiy sababi sifatida ma'muriy xarajatlar qisqartirilgani ko‘rsatib o‘tilgan.

Mazkur nufuzli xalqaro agentlik asosan moliya sohasida faoliyat olib borayotgan kompaniyalarning qimmatli qog‘ozlari, sug‘urta xizmati sifati va qamrovi, aktivlari hamda depozit portfeli, shuningdek, moliyaviy holatidan kelib chiqib baholaydi.

“Fitch” kompaniyasining mutaxassislari ko‘p yillik tajribaga ega va kapital bozorlarini tahlil qilishda foydalaniladigan ko‘plab mamlakatlarning ichki iqtisodiy mexanizmlari to‘g‘risida aniq bilimlarga ega. “Fitch”dan olingan tahlillar va prognozlar an'anaviy ravishda ishonchli va oshkora hisoblanadi.

Dunyoning ko‘plab investorlari “Fitch”ning kredit reytingiga tayanib ish ko‘radi. Demak, “O‘zagrosug‘urta” AJga jahon sug‘urta va qayta sug‘urta bozorlarida keng faoliyat olib borish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, Jamiyat uchun mahalliy eksportyorlar va O‘zbekistonga sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan investorlarni sug‘urtaviy himoya orqali qo‘llab-quvvatlash imkoniyati kengayadi.

Ushbu reyting ko‘rsatkichi olingan majburiyatlarning o‘z vaqtida bajarilish kafolati, yuqori salohiyatli investorlar uchun ishonchlilik darajasini belgilaydi. Bu esa xorijiy investorlar va mahalliy aholining sug‘urta xizmatiga ishonchini yanada mustahkamlash uchun muhim indikatordir.

“Uzinsurance” Axborot xizmati

Top