17:57 / 20.09.2021
4485
O‘zbekistonda inson a'zolarini ko‘chirish bo‘yicha yangi qonun kuchga kirishi kutilmoqda

O‘zbekistonda inson a'zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi bo‘yicha qonun hujjatlariga o‘zgarishlar kiritilishi mumkin. “Inson a'zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasida o‘pka, jigar transplantatsiyalari bilan birgalikda yurak, buyrak va boshqa inson a'zolari ham ko‘chirib o‘tkazilishi qayd etilgan. Bu haqda 20 sentabr kuni Oliy Majlis Senati Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasining tomonidan “Inson a'zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi mazmun-mohiyati xususida o‘tkazilgan tadbirda ma'lum qilindi.

Videokonferensaloqa tarzida bo‘lib o‘tgan tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari deputatlari, Sog‘liqni saqlash vazirligi mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Respublikada bunday amaliyotlar o‘tkazilmasligi ko‘pgina bemorlar katta mablag‘ evaziga xorijga borishiga, imkoniyati yo‘q bemorlarning esa bevaqt o‘limlariga sabab bo‘lar edi.

So‘nggi yillarda mamlakatda buyrak, jigar va o‘zak hujayrasini ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Ammo inson a'zolari va to‘qimalari transplantatsiyasi borasida qonunchilikda belgilangan normalar bugungi kun talablariga mos emas. Yangi qonun loyihasida mavjud muammolar bo‘yicha aniq tartiblar belgilanishi rejalashtirilgan.

Senat qo‘mitasi a'zosi Manzura Salimova yangi qonun loyihasida e'tibor qaratilgan eng muhim jihatlar haqida gapirdi.

Qonunda uchta muhim jihatga e'tibor qaratiladi:

  • Mazkur qonun loyihasi tasdiqlangach, inson a'zolari uchun tibbiy nuqtayi nazardan muhtoj bemor va shunday bemorlarga o‘z a'zosini berishni istaydigan donorlar reyestri shakllantiriladi.
  • Shu paytga qadar faqat jigar va o‘pka transplantatsiyasiga ruxsat berilgan edi. Tasdiqlanadigan ushbu qonunga ko‘ra, endilikda buyrak, yurak va boshqa bir qator inson a'zolarini ham ko‘chirib o‘tkazish operatsiyalarini o‘zimizda amalga oshirish mumkin bo‘ladi. Avval faqat yaqin qarindoshlargina donorlik qila olishi mumkin edi. Qonun loyihasida esa donorlikka keng imkoniyat yaratilgan, ya'ni boshqa shaxslar ham donorlik qila oladi.
  • Transplantatsiyaga muhtoj bemorlarga murdalardan ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilmoqda. Bunda bemor tiriklik chog‘ida undan ruxsat olish yoki vafotidan keyin yaqinlaridan ruxsat olish tegishli tartib-qoidalar asosida bajariladi. Bunday usulda yo‘l tutish O‘zbekistonda bemorlarning ehtiyojini qondirishda muhim hisoblanadi.

Hozirda qonun loyihasi viloyatlar kesimida targ‘ibot ishlari ketyapti. Barcha taklif va mulohazalar o‘rganib chiqilgach, Oliy majlis deputatlari va senatorlar o‘rtasida muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilinadi.

Qabul qilinadigan qonunda ruhiy kasalligi bor shaxslardan, 1- va 2- guruh nogironlaridan, homiladorlardan, mehribonlik va saxovat uylaridagi fuqarolarning tana a'zolarini ko‘chirib o‘tkazish taqiqlanadi.

Top